Tibbiyotdagi ayrim holatlar deputatlar tanqidiga sabab boʻldi.Nega?

19:22 13 Avgust 2019 Jamiyat
85 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga koʻmaklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyasi aʼzolari tomonidan joriy yilning yanvar-mart oylarida hududlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish borasida olib borilayotgan ishlarning holati har tomonlama oʻrganilib, tahlil qilindi.

Oʻrganishlar yakunlariga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalari oʻtkazilib, tizimdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Shuningdek, oʻrganishlar mobaynida aniqlangan respublika darajasidagi qator muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga yoʻnaltirildi.

Mazkur komissiyaning kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishida shu haqda maʼlumot berilib, “Yoʻl xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ayrim omillar, muammolar mavjudligi aniqlanib, ularni hal etish choralari koʻrilmoqda. Xususan, hududlarda mudofaa ishlari boʻlimlarida koʻp hollarda kunning birinchi yarmida oʻtkazilayotgan tibbiy koʻriklarga shifokorlarning jalb qilinayotgani aholiga tibbiy xizmatning oʻz vaqtida va toʻliq koʻrsatilmasligiga sabab boʻlayotgani inobatga olinib, ushbu masala deputatlar, mutasaddi vazirliklar masʼullari ishtirokida oʻrganildi. Natijada masʼul vazirliklar tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, bunday tibbiy koʻriklarni oʻtkazish maqbullashtirildi.

Tibbiyot sohasining muhim muammolaridan biri — shaharlardagi oilaviy poliklinikalarni tor doiradagi mutaxassislar bilan taʼminlash, tuman va shaharlardagi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari shifo oʻrinlarining sonini bugungi kun ehtiyojidan kelib chiqib qayta koʻrish masalalarida Hukumat bilan birgalikda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, malakali shifokorlarni keng jalb etish maqsadida bugungi kunda nomutanosib belgilangan shtat normativlari hozirgi zamon talablari asosida koʻrib chiqildi. Natijada birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi vaqtinchalik shtat normativlari qaytadan ishlab chiqilib, hozirda tegishli vazirliklar bilan kelishilmoqda.

Yigʻilishda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy jihatdan himoya qilish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari chaqiruvlar paytida harakatlanayotganida belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taʼqiqlovchi chirogʻiga boʻysunmasdan oʻtish va boshqa hollarda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalariga tushganda jarimaga tortilmasligini nazarda tutuvchi tegishli qoʻshimcha kiritish yuzasidan qonun loyihasi tayyorlanib, parlament quyi palatasi muhokamasiga kiritildi.

Shu bilan birga, chekka tumanlardagi tibbiyot muassasalarida umumiy amaliyot shifokorlari yoki tor soha mutaxassislari yetishmasligi, hududlarda xospis boʻlimlarini tashkil qilish bilan bogʻliq ishlarni yakuniga yetkazish, perinatal va skrining markazlarining faoliyatini takomillashtirish masalalari dolzarbligicha qolayotgani parlament vakillarining tanqidiga sabab boʻldi. Tibbiyot muassasalaridagi travmotologik punktlar faoliyatini maqbullashtirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oʻzaro integratsiyalashgan faoliyatining sustligi tibbiy xizmatlarga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani kabi qator masalalar ham komissiya aʼzolarining diqqat markazida boʻldi.

Tadbirda tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish, jumladan, shifokorlar tomonidan bemorlarga tashxis qoʻyish, davolash jarayonida klinik tavsiyalarga amal qilish, buyurilgan dori vositalarining bemor organizmiga taʼsirini baholash, dori vositalarining asossiz qoʻllanilishining oldini olish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Yakunda muhokama qilingan masalalar yuzasidan komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Ziyoda ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?