Tibbiyotda inqilob. Olimlar ko‘krak saratonining so‘nggi bosqichidagi ayolni to‘liq davolashdi

10:54 08 Iyun 2018 Lifestyle
384 0

 

Amerikalik olimlar yangicha davolash usuli yordamida ko‘krak saratonining so‘nggi bosqichini boshdan o‘tkazayotgan ayol hayotini saqlab qolishdi. Mazkur terapiya yordamida bemor qoniga 90 milliard immunitet hujayralari yuborildi. Bu haqida VVS axborot manbasi xabar berdi.

Ikki yil oldin shifokorlar floridalik Judi Perkinsga uch oy umri qolgani haqida aytishgandi. Bugun esa uning organizmida saraton o‘simtasidan asar ham qolmagan.

AQSH saratonni tadqiq qilish milliy universiteti jamoasining ta’kidlashicha, mazkur tuzalmas dardni yangi usulda bartaraf etish hozircha tajriba sanaladi, lekin kelajakda u saratonga malham bo‘luvchi protseduraga aylanishi mumkin.

Judi ko‘krak saratonining tez tarqaluvchi so‘nggi bosqichiga kelgan, an’anaviy metodlarda uni davolashga juda kech qolingandi.

Jigarida tennis koptokchasi shaklida o‘sma paydo bo‘lgan, kasallik butun tanasi bo‘ylab yoyilib ketgandi. Biroq...

“Terapiyadan bir hafta o‘tib, nimanidir his qilishni boshladim. Ko‘krak qismidagi o‘simta kichrayib borayotganini sezayotgan edim, - dedi u. – Bir yoki ikki haftadan so‘ng u butunlay yo‘q bo‘lib ketdi”.

Judi protseduradan so‘ng unga tomografiya tasvirlarini ko‘rsatganda, hatto shifokorlar ham quvonchdan sakrab yuborishgani haqida eslaydi.

O‘shanda unga barchasi ortda qolishi haqida aytishgandi. Ayni paytda Judi o‘z vaqtini uzoq sayohatlarga borish, dengiz bo‘ylab qayiqda suzishga sarflayapti. Yaqinda u Florida bo‘ylab o‘n besh kunlik safarini yakunladi.

Jonli malham

Yangi texnologiyaga jonli malham deya nom berishdi. Dori saratonni o‘rganish bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi markazlardan birida bemorning o‘z hujayralaridan tayyorlanadi.

“Biz davolashning faqat tasavvur qilish mumkin bo‘lgan o‘ta maxsus turi haqida gapiryapmiz”, dedi universitet jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Stiven Rozenberg.

Texnologiya o‘sha-o‘sha – eksperimental. Uni boshlashdan avval zarur bo‘lgan tekshiruvlardan batafsil o‘tish lozim. Lekin mazkur usul qanday ishlashini bilish uchun, birinchi navbatda dushmanni(saraton nazarda tutilyapti) o‘rganish joiz.

Ya’ni har bir bemordagi o‘simtani genetik darajada tadqiq etish darkor. Zero, shu asosda kerakli mutatsiya aniqlanadiki, pirovardida saraton immun tizimi uchun “ko‘rinarli” bo‘ladi.

Judidagi o‘simtalarda 62 xil genetik anomaliya(o‘zgarish) aniqlandi va ularning to‘rttasidan o‘simtaga hujum qilish uchun foydalanish mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Keyingi bosqich – ov. Bemorning immun tizimi o‘simtaga hujum qiladi, ammo yutqazadi. Binobarin, shifokorlar bemor qonidagi leykotsitni (oqqon tanachalari) tahlil qilib, ular orasidan saratonga qarshi kurasha oladiganlarini saralab oladi.

Shundan so‘ng laboratoriyada juda ko‘p miqdorda shunga o‘xshash hujayralar yaratiladi.

49 yoshli Judining tanasiga 90 milliardga yaqin ana shunday najot zarrachalari kiritildi.

“Saratonni keltirib chiqargan mutatsiya kasallikning o‘zi uchun nozik jihatga aylandi”, dedi Rozenberg.

Usulning o‘zgarishi

Bir bemor misolida davolash natijalari va uning metodikasini tasdiqlash uchun keng tadqiqotlar olib borish darkor.

Sababi saratonga qarshi kurashishda immunoterapiyadan foydalanish ayrim bemorlarda mo‘jizalar sodir etsa, ko‘pchiligida foyda bermaydi.

“Mazkur usul tajriba bosqichida turibdi, biz hozircha uni to‘g‘ri bajarishni o‘rganyapmiz, lekin kelajakda uni istalgan saratonni davolashda qo‘llash salohiyati mavjud, - dedi Rozenberg. – Shunga yarasha oldimizda katta ishlar bor, biroq saratonni davolashda har bir bemor uchun noyob preparat ishlab chiqish bo‘yicha o‘zgarishlarni ilgari surish imkoniyati bor – bu davolashning boshqa turlaridan mutlaqo farq qiladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?