Tibbiyot tizimida kadrlar yetishmayapti. Natijada…

16:18 21 Fevral 2019 Jamiyat
373 0

Illyustrativ foto

Qashqadaryoda aholi salomatligini mustahkamlash yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ­qaramay, umumiy kasallanish koʻrsatkichlari orasida nafas olish, ovqat hazm qilish hamda qon va qon ­ishlab chiqaruvchi aʼzolar bilan ­bogʻliq xastaliklar yuqoriligicha qolmoqda.­

Shu bilan birga, tizimdagi mavjud tibbiy-texnika asbob-uskunalarini yangilash va ­zamonaviy tibbiyot ­jihozlari bilan toʻldirish zaruriyati hali-hanuz ­dolzarbligini yoʻqotgan emas.

Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri boshchiligida parlament quyi palatasi deputatlari, ­SoGʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mutaxassislaridan iborat Respublika ishchi guruhi ­tomonidan joylarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati chuqur oʻrganilmoqda.

Yuqorida keltirilgan ­xulosalar ishchi guruhining joriy yil 18 — 20 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlari yakun­lariga asosan, xalq deputatlari viloyat Kengashi ses­siyasida atroflicha muhokama qilindi.

Oʻrganish chogʻida ishchi guruhi aʼzolari aholi xonadonlarida boʻlib, surunkali kasalliklarga chalingan 4 mingdan ziyod fuqarolar va ehtiyojmand oilalar aʼzolarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi. Ulardan 578 nafariga ­ambulator, 396 nafariga ­tuman tibbiyot birlashmasida, 198 nafariga viloyat va 16 nafariga respublika ­soGʻliqni saqlash muassasalarida davolanish uchun yoʻllanmalar ­berildi. 34 nafar bemorda esa yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Respublika ishchi guruhi viloyatda tibbiyot sohasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda amaliy yordam koʻrsatdi. Parlament quyi palatasi deputatlari ishtirokida har bir tumanda bittadan MFYda hududiy birlamchi tibbiyot muassasasi rahbarining aholi oldidagi ­axboroti eshitildi.

Viloyat aholisi bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida tez tibbiy yordam koʻrsatish ishlari sezilarli darajada yaxshilangani eʼtirof etildi.

Tibbiyot muassasalari ­binolarini qurish, rekons­truksiya qilish, kapital va ­joriy taʼmirlash ishlariga ham oldingi yillardagiga ­nisbatan koʻproq eʼtibor ­qaratilayotgani maʼlum boʻldi.

Taʼkidlash joizki, respublika ixtisoslashtirilgan ­kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida 2019 yilning oʻzida 11 nafar bemorda kardiojarrohlik amaliyoti, 33 nafarida koronoangiografiya tekshiruvi oʻtkazilgan. 6 nafar bemorga koronar tomirni stent­lash, 1 nafar bemorda perikardiotsentez, 3 nafarida yurakni zondlash ­amaliyoti bajarilgan. Bunday murakkab jarrohlik ama­liyotlari oʻtkazilishi kuchli va professional kadrlarni talab etadi, ­albatta.

Oʻrganishlar jarayonida kadr­lar taʼminoti va salohiyati masalasiga ham ­alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda tizimdagi tibbiyot ­muassasalarini kadrlar ­bilan taʼminlash darajasi 88,8 foizni ­tashkil qilishi bu masalaga jiddiy yondashish lozimligini koʻrsatadi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlgan kamchiliklarning ­kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi choralarini koʻrish masalalarini oʻrtaga tashladi.

Viloyatda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifat va samaradorligini oshirish, sanitar-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash hamda xususiy sektorni rivojlantirish choralarini belgilash yuzasidan ishlab chiqilgan dastur atroflicha muhokama etilib, tasdiqlandi.

Unda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va ­sifatli ijrosi taʼminlanishi ustidan deputatlik ­nazoratini izchil oʻrnatish boʻyicha kelishib olindi.

Sessiya yakunida xalq ­deputatlari Qashqadaryo ­viloyati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Ahad MUHAMMADIYEV
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?