Tibbiyot sohasi davlat-xususiy sherikchilik asosida yanada rivojlanadi

11:34 25 Iyun 2019 Jamiyat
152 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning yurtimiz hududida, davlat sektorida faol ish yuritishi uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi, deb yozmoqda, Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Endilikda investorlar oʻzlariga qulay boʻlgan muhitda, oʻzlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

— Buning uchun investor Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi (murojaat uchun telefon: 71-241-86-13,71/241-99-42 ) va uning hududiy boʻlimlariga Davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha oʻz takliflari bilan murojaat qilishi mumkin, — deydi ushbu bosh boshqarma boshligʻi Kamolxoʻja Eshnazarov. — Taklif jarayonida tadbirkor quyidagi maʼlumotlarni, jumladan, loyihaning nomi, uni amalga oshirish shakli (jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, tashkil etish, jihozlash, modernizatsiyalash, moliyalashtirish, foydalanish va unga xizmat koʻrsatish, sogʻliqni saqlash sohasidagi ishlarni amalga oshirish, xizmatlar koʻrsatish va tovarlar bilan taʼminlash), loyihaning yakuniy natijalari, amalga oshiriladigan manzili, loyiha qamrab oladigan tibbiy muassasalar, shuningdek, yer uchastkalari, bino va inshootlar yoki ularning qismlari, davlat tibbiyot muassasalari binolari (xonalari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, loyihani amalga oshirishning taxminiy reja-jadvali va muddatlari, jamoat infratuzilmasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, rejalashtirilayotgan investitsiyalar hajmi, daromad manbalari hamda uni amalga oshirishning asosiy xavflarini aniq koʻrsatishi kerak.

Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam boʻlmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan obyektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan soʻng davlat sherigiga topshiriladi.

Yana bir muhim jihati, ushbu hujjat bevosita sogʻliqni saqlash tizimidagi boʻsh turgan uchastka va binolardan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashga yordam beradi. Masalan, laboratoriya, sterilizatsiya, tibbiyotda yuzaga keladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish va onkologiya kabi yoʻnalishlaridagi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin boʻladi.

Ushbu qaror bilan belgilangan mexanizmlarda davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish uchun imkoniyat yaratib beradi.

Bu esa tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning oʻzida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyati, yaʼni qaysi tibbiyot muassasasida davolanish maʼqul kelsa, oʻsha shifoxonaning xizmatlaridan foydalanish mumkin boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?