Tibbiy muassasalarni qurish va ta’mirlashni moliyalashtirishning amaldagi tartibi tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi

10:29 21 Iyun 2018 Hujjatlar
596 0
Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq:

  • 2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar;
  • 2018-2022 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishning asosiy parametrlari tasdiqlandi.

2021 yil 1 yanvarga qadar muddatga:

  • korxonalar protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ishlab chiqarilgan hajmi bo‘yicha yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan;
  • protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalari O‘zbekistonga olib kiriladigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, instrumentlar va priborlar, kompyuter hamda diagnostika uskunalari bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.
  • Mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari turlarini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash masalalarini o‘rganish, shuningdek, loyihalarning keyinchalik respublikada, jumladan, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha mutassadi idoralarga tegish vazifalar yuklandi.

Bundan tashqari qarorga muvofiq:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish samaradorligi oshiriladi, Muruvvat va Saxovat internat uylari tizimi yanada rivojlantiriladi;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish bo‘yicha imkoniyatlari kengaytiriladi;
  • ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining sifati yaxshilanadi va ularning turlari kengaytiriladi.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga bir oy muddatda 2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha hududiy kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
  • 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli protezchi mutaxassislarni tayyorlanadi.

Moliya vazirligiga tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish va ta’mirlashni moliyalashtirishning amaldagi tartibini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish hamda mazkur sohada ortiqcha tartib-taomillarni chiqarib tashlash, ishlarning shaffofligini ta’minlash va sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq takliflarni kiritish vazifasi topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?