Tibbiy xizmat sifati, ichimlik suvi ta’minoti aholini qoniqtiradimi?

09:35 25 May 2018 Jamiyat
283 0

Mana shu dolzarb masalalar atroflicha o‘rganilmoqda.

Muammoning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘ladigan omillardan biri loqaydlik sanaladi. Ayni paytda deputatlar hamda senatorlar joylarda haqiqiy ahvol bilan tanishib, har bir masalaning kelib chiqish sabablarini sinchiklab o‘rganishayapti, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini ko‘rishmoqda. O‘rganishlar jarayonida aholidan ishsizlik, yo‘l, elektr, gaz va tibbiyot sohasiga oid bildirilayotgan murojaatlar qonuniy ko‘rib chiqilishiga asosiy e’tibor qaratilayotir.

Chunonchi, poytaxt viloyatidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari hamda ayrim vazirliklar mutasaddilari, tuman Kengashi deputatlaridan iborat guruhlar Zangiota tumanida bo‘lib, mavjud holatni tahlil etishmoqda. Ularga sektor rahbarlari ham hamrohlik qilayapti.

Xalq vakillari o‘z faoliyatini odatdagidek sektorlar hududlariga bo‘lingan holda xonadonma-xonadon yurib, aholining fikr va muammolarini o‘rganishdan boshladilar. Deyarli har bir suhbatda Zangiota tumanidan Toshkent tumanining ajralib chiqqani, tuman markazi yetti yildan so‘ng yana Eshonguzar qo‘rg‘oniga qaytgani mamnuniyat bilan ta’kidlanayapti.

Dastlabki uch kunda deputatlar 750 ta xonadonda bo‘lib, ikki mingga yaqin aholi bilan muloqot qildilar. Ular tomonidan ko‘tarilgan 192 ta muammoning 52 tasi joyida hal etildi. Qolganlari esa hal qilish uchun ijrochilarga topshirildi.

Xalq vakillarining kun tartibi juda tig‘iz, rejalar avvaldan belgilangan. Kun davomida ular bilan birga yurib, ish samaradorligiga amin bo‘ldik.

Shu kuni bir guruh vakillar Nazarbek mahallasi aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan 19-qishloq oilaviy poliklinikasi bosh shifokorining hisobotini eshitish yuzasidan tashkil qilingan yig‘ilishda qatnashdilar.

Yig‘ilishga deputatlar ham qizg‘in hozirlik ko‘rishdi. Chunki tuman sog‘liqni saqlash tizimida muammolar anchagina. Hisobotga avvaldan tayyorlangan savollarni berish bilan mahalliy aholi faolligini oshirish maqsad qilindi. Bu yaxshi natija berdi. Dastlabki savollarni mehmonlar, qolganlarni mezbonlar o‘rtaga tashladilar.

Shifokorlarning muomala madaniyati, tor ixtisoslikdagi mutaxassislarning yetishmasligi, tez tibbiy yordamdagi muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar yetishmovchiligining oldini olish maqsadida keyingi oylarda tuman bo‘yicha nafaqadagi yetti nafar malakali shifokor ishga qaytarilgani, bu jarayon davom etayotgani aytib o‘tildi.

Yana bir guruh ichki yo‘llar, transport qatnovi masalalari bilan shug‘ullanmoqda. Tuman hududida jami 140 kilometr avtomobil yo‘li mavjud, 880 kilometr aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki yo‘llar bor. Ularga viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga qarashli Zangiota tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xizmat ko‘rsatadi. Davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining 18, mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarining 27 kilometri ta’mirlangan, xolos. Tuman hududidagi umumiy foydalanuvdagi yo‘llarning 83 kilometri ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.

Garchi xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning samarali faoliyat olib borishi uchun barcha texnik shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, ular bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayapti. Buni ichki ko‘chalarning ahvoli yaqqol tasdiqlaydi. Misol uchun, joriy yilda 16,6 kilometr ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llarni joriy ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan edi. Hozirgi kunga kelib 600 metr ko‘chaga asfalt yotqizildi, xolos. Bunday qoloqlikning sababi oddiy. Yo‘lning qolgan qismini joriy ta’mirlash ishlarini olib borish uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmagan. Joyida bo‘lib vaziyat bilan tanishgan parlament a’zolari ana shunday xulosaga kelishdi.

Muloqotlarda ko‘tarilgan dolzarb muammolar ichida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumanning Madaniyat mahallasining Madaniyat ko‘chasidagi bir kilometr masofaga suv quvurlari tortilmagan. Bog‘ishamol mahallasidagi eski tarmoqqa suv yetib bormaydi. Aholining 60 foizi suvni tashib keltirib, ichmoqda. Bog‘zor mahallasidagi 3066 aholi pishkaklar vositasida yer osti suvlaridan foydalanishayapti.

— Vaholonki, aynan ana shu hududda suv inshooti bor. Uning quvvati bilan mahallani toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash mumkin, — deydi Zangiota tumani “Suvoqova” bo‘linmasi bosh muhandisi Norsaid Niyozov. — Muammo shundaki, foydalanilmay turgan bu inshoot Ichki ishlar vazirligiga qaraydi. Umid qilamizki, xalq vakillari mazkur masalani hal etishda bizga yaqindan yordam berishadi.

2017/2018 o‘quv yilida tuman o‘quvchi-yoshlari viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida 112 marta qatnashib, jami 369 ta, shu jumladan, 69 ta oltin medalni qo‘lga kiritishdi. Bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi mumkin edi.

Tumanda jami 34 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 26 tasida sog‘lomlashtirish uchun xonalar mavjud emas, 3 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining sport jihozlari bilan ta’minlanish darajasi 30 foizni tashkil qilayapti, xolos. 44 ta umumta’lim maktabining 12 tasida sport zali yo‘q. Maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlash darajasi 30 foizdan iborat. Shuningdek, 5 ta kasb-hunar kolleji va bitta akademik litseyning sport uskunalari bilan ta’minlanish darajasi 43 foizni tashkil etadi. Qurilish va tadbirkorlik kollejining sport zali poli ta’mirga muhtoj. Bundan tashqari, isitish tizimi nosoz. Oziq-ovqat kasb-hunar kolleji sport zalining tom qismi qurilish tashkiloti tomonidan sifatsiz ta’mirlangani oqibatida yaqinda bo‘lib o‘tgan kuchli shamol natijasida ko‘tarilib ketgan. Kollejlar zamonaviy sport inventarlari bilan to‘liq taminlanmagan.

Bu hamda shu kabi boshqa kamchiliklarning sabablari o‘rganilib, ular tuman “yo‘l xaritasi”ga kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolarining Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari mavjud muammolarga ijobiy yechim topishda muhim omil bo‘layapti.

— Ishimizni o‘nta sohaviy yo‘nalishda tashkil qilganmiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bekzod Artikov. — Bunda sektorlar faoliyati tahlili, iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning ahvoli, o‘quv-tarbiya muassasalari holati hamda ta’lim sifati kabi masalalarga alohida e’tibor berilmoqda. Eng asosiysi, umumiy va statistik ma’lumotlar bilan cheklanib qolmay, aholi hamda mutaxassislar o‘rtasida muloqotlar o‘tkazish, kamchiliklarni joyida o‘rganish, hal etish, bu borada parlament va deputatlik so‘rovlarini kiritish hududiy komissiya hamda ishchi guruhi faoliyatining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olingan.

Xalq vakillari aholi farovonligini yuksaltirish, bandligini ta’minlash va iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lgan kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik rivoji va bu boradagi muammolarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Aytish lozimki, hozirgi paytda Sirdaryo viloyati markazida 2853 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatdan o‘tgan. Bu yaxshi ko‘rsatkich, ammo kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yo‘nalishida 2018 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, bironta ham kasanachilik faoliyati yo‘lga qo‘yilmagani taajjublanarlidir. Shaharda, bor-yo‘g‘i, 21 oilaviy biznes sub’ekti faoliyat yuritayotgan bo‘lib, bu umumiy tadbirkorlik ko‘rsatkichining atigi 0,7 foizini tashkil qilayotgani esa tarmoqning ancha orqada qolayotganidan darak beradi. Mazkur masalalar bo‘yicha ham kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi oydinlashdi.

O‘rganishlar natijasida shaharda kommunal xizmat sohasi ham talab darajasida emasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, 2000 yillar boshidan buyon markaziy isitish tizimi ishlamaydi. Kuz/qish mavsumida uylar gaz plitasi yordamida isitiladi. Jumladan, bu Bog‘ishamol mahallasida joylashgan 11 ko‘p qavatli uyda istiqomat qiladigan fuqarolarni ham qiynayotgan muammo hisoblanadi. Shu bilan birga, yuqori qavatlarda yashovchilar suvni yerto‘ladan nasos yordamida tortib oladi. Yerto‘lalar esa suv hamda kanalizatsiya oqovalari bilan to‘lgan. Kanalizatsiya quvurlari tiqilib qolgani sababli oqovalar ko‘chadagi lotok ariqlarga ham chiqib ketgani aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Kommunal xizmatdagi bunday noxush holat “Sayqal” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 50 ta ikki qavatli uyda ham kuzatildi. Ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Muloqotlarda umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham shahar hokimligi, tegishli idoralar bilan birgalikda hal qilindi. Masalan, 140 o‘ringa mo‘ljallangan 16-maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati o‘rganilganda, bu yerda belgilanganidan ko‘p bola tarbiyalanayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, mazkur muassasa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan sanitariya me’yorlari hamda qoidalariga zid ravishda bolalarning ovqati ratsionida bo‘lishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmasdan kelinayotgani oydinlashdi. O‘rganishlar natijasida shahar moliya bo‘limi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalariga ajratilishi shart bo‘lgan mablag‘lar to‘liq o‘tkazib berilmagani aniqlandi. Ushbu masala ijobiy hal etilib, bog‘chalarga o‘yinchoqlar va boshqa kerakli narsalarni sotib olishi uchun zarur mablag‘ berilishi ta’minlandi.

Parlament a’zolarining hududlarda aholi bilan muloqotlari davom etmoqda.

Rahmatilla SHERALIYEV,
Ahmadali ShERNAZAROV,
«Xalq so‘zi» muxbirlari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?