The Washington Times: Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasining eng farovon mamlakatiga aylantirishga qat’iy qaror qildi

13:01 24 Iyul 2018 Jamiyat
151 0
Foto: washingtontimes.com

“The Washington Times” nashrida “Caspian Group Holdings” kompaniyasi rahbari S. Rob Sobhanining Amerika Qo‘shma Shtatlari nima uchun “o‘zbek bahori”ni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi haqidagi tahliliy materiali chop etildi.

“Prezident Tramp hamda uning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilari jamoasi Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muammolarni hal qilishga urinayotgan, global miqyosdagi terroristlarga qarshi kurash davom etayotgan bir paytda ular O‘zbekistonga ishonchli sherik sifatida qarashlari mumkin”, deyiladi maqolada.

Ushbu davlat o‘zining islohotchi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “o‘zbek bahori”ni boshdan kechirmoqda, deyish mumkin. Mamlakat ko‘p yillar davomida o‘zini tashqi dunyodan ihotalab, zaif iqtisodiyotga ega edi. 2016 yilda davlat boshqaruviga kelgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasining eng farovon mamlakatiga aylantirishga qat’iy qaror qildi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan iqtisodiy islohotlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha konferensiyada aniq ishora qilindi: O‘zbekiston tadbirkorlar va tabiiy resurslarga boy mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishiga yordam bermoqchi bo‘lgan kompaniyalarga eshiklarini keng ochmoqda.

Iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha yangi sa’y-harakatlar, bag‘rikeng madaniyat Amerika kompaniyalari uchun O‘zbekistonga investitsiya kiritishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida o‘zaro savdo ayirboshlash hajmi nisbatan kam bo‘lsa-da (2017 yilda 121,8 million, 2018 yilning birinchi yarmida 178,8 million dollar), Amerika kompaniyalari uchun imkoniyatlar, haqiqatan ham, chegaralanmagan.

Muallifning yozishicha, O‘zbekistonning turizm salohiyati beqiyosdir. Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva singari tarixiy shaharlarga ega mazkur mamlakatga Amerika turoperatorlari hamda mehmonxona biznesi kompaniyalari tomonidan investitsiya kiritishga tavsiya berish mumkin. Chunki O‘zbekistonni 2017 yilda 2,5 milliondan ortiq sayyohlar tomosha qildi. Mavjud salohiyat esa bundan o‘n baravar yuqoridir.

“AQSH — O‘zbekiston hamkorligi uchun yana bir ulkan imkoniyat quyosh energiyasi sohasidagi hamkorlik sanaladi. O‘zbekistonda bir yilda quyosh 300 kundan ortiq charaqlab turadi. Quruq issiq ob-havo esa muqobil energiyani ishlab chiqarish uchun ayni muddao, — deydi S. Rob Sobhani. — Agar O‘zbekistonning yaxshi ta’lim ko‘rgan mehnat kuchini inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston — AQSH hamkorligi dunyo standartida quyosh panellari barpo etilishi hamda global miqyosda 443 milliard dollarlik o‘z ulushiga ega bo‘lishi mumkin. Buni amalga oshirsa bo‘ladi”.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Amerika investitsiya xabi bo‘lish bilan birga, Prezident Trampning Janubiy Osiyo bo‘yicha strategiyasida geosiyosiy ahamiyatga ega ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning yaqinda Afg‘onistonga tashrifi O‘zbekistonning muhimligini yana bir karra namoyon etdi. U afg‘on hukumati vakillari bilan muloqotda ko‘targan “Tolibon” harakati bilan tinchlik muzokaralari masalasi O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qolaversa, Afg‘onistonda elektr energiyasining 30 foizi O‘zbekiston tomonidan yetkazib beriladi. O‘zbekiston barqarorlashtiruvchi, kuchli va ishonchli davlat sifatida doimo e’tibor markazida turishi kerak, deyiladi maqolada.

O‘zbekiston AQSHning Markaziy Osiyodan energiya resurslarini uzluksiz eksport qilish bo‘yicha maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda ham hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. Negaki, O‘zbekiston Turkmaniston (tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi), Afg‘oniston, Pokiston hamda Hindistonga gaz quvurlarini yotqizishda ishonchli sherik bo‘la oladi. Davlat departamenti xalqaro moliya institutlari va O‘zbekiston bilan ushbu tabiiy gaz quvuri barpo etilishini jadallashtirish bo‘yicha faol ishlashi lozim. Bu mintaqani barqarorlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Prezident Donald Tramp Oq uyda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganda, O‘zbekiston rahbarini “o‘z mamlakati va uning tashqarisida ham yuqori hurmatga sazovor siyosatchi” ekanligini ta’kidlagan edi. Muallif ushbu strategik ahamiyatga ega mamlakatga tashrif buyurganidan so‘ng shunga amin bo‘ldiki, Shavkat Mirziyoyev nafaqat katta hurmatga sazovor, balki o‘zbek xalqi mamlakat yetakchisining o‘z buyuk davlati yana bir marta xalqaro maydonda konstruktiv rol o‘ynashi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi.

O. LUTFULLAYEV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?