“The New York Times”: “O‘zbekistonda bahorga ishora”

12:17 17 Aprel 2018 Siyosat
726 0
Foto: thehill.com

Dunyo ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz hayoti bilan bog‘liq axborot va yangiliklarni berishda davom etmoqda. Jumladan, o‘tgan haftada AQShdagi mashhur “The New York Times” gazetasi “O‘zbekistonda bahorga ishora” (“A Hint of Spring in Uzbekistan”) sarlavhali tahririyat bosh maqolasini e’lon qildi.

Nashrning yozishicha, “Sobiq ittifoq mintaqasining aksariyat qismida va jahonning boshqa hududlarida demokratiya ortga chekinayotgan bir vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari alohida e’tibor va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir”. Maqolada davom ettirilishicha, yangi davlat rahbari “kutilmaganda butunlay boshqa va hozircha yaxshi yo‘lni tanladi”.

“U bir qator siyosiy mahbuslarni, xususan, jurnalistlarni ozod etdi, 18 ming kishini xavfsizlik xizmatining “qora ro‘yxati”dan o‘chirtirdi, paxta maydonlarida majburiy mehnatdan foydalanishni chekladi, OAV ustidan o‘rnatilgan nazoratni bir oz yumshatdi, O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish ustida ishlamoqda”, deb yozadi “The New York Times”.

“Freedom House” tashkiloti o‘zining yangi “Tranzitdagi xalqlar” hisobotida, boshqa tashkilotlar qatori hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘pligini qayd etgani holda, “O‘zbekistonning o‘z o‘tmishidan sezilarli ilgarilab ketgani” va unda “bahorning ilk, kamtarona g‘unchalari” ko‘z ochayotganiga e’tibor qaratgan. Bundan tashqari, “butun jahon bo‘ylab qonun ustuvorligi va mustaqil tuzilmalarga hurmatsizlik avj olayotgan bir vaqtda janob Mirziyoyevning ushbu tendensiyani o‘zgartirish yo‘lidagi kamtarona sa’y-harakatlari ham ahamiyatlidir”, deya yozadi gazeta.

“Janob Mirziyoyev o‘zgarishlarni boshlab berdi va endi AQSh hamda Yevropa ittifoqi O‘zbekiston bilan bog‘liq har qanday munosabatlarni, u xoh investitsiya, xoh taraqqiyot dasturlari bo‘lsin, mamlakatda inson huquqlari ahvolining yanada yaxshilanishi bilan bog‘lashi nihoyatda muhimdir”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?