“The Hindu”: Tub oʻzgarishlar inqilobsiz ham sodir boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston bunga yaqqol misoldir

11:11 02 Noyabr 2018 Siyosat
907 0

Mamlakatimiz hayotida roʻy berayotgan yangiliklarga Hindiston ommaviy axborot vositalari va ekspertlari ham alohida eʼtibor qaratmoqda.

Masalan, “The Hindu” gazetasida chop etilgan maqolada jurnalist Suxasini Haydar “Oʻzbekiston oʻzgarmoqda, u bilan birga butun Markaziy Osiyo oʻzgarmoqda” deya fikr bildiradi.

“Tub oʻzgarishlar inqilobsiz ham sodir boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston bunga yaqqol misoldir, — deb yozadi sharhlovchi. — Shavkat Mirziyoyev 2016 yili davlat rahbari lavozimiga saylangach, jadal islohotlarni boshladi. Ularning hayotga tatbiq etilishi jarayonini butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatayotir. Davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasi — davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sud tizimi, matbuot oʻzgarishlarga yuz tutdi”.

Jurnalistning fikricha, minglab shaxslarning “qora roʻyxat”lardan oʻchirilgani, huquqni himoya qilish organlari isloh etilishi, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasi kuchayishi Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qabul qilingan muhim qarorlarning natijasi boʻldi. Xalqaro hamjamiyat mazkur yangiliklarni juda katta mamnuniyat bilan kutib oldi.

Tashqi siyosatda Oʻzbekiston yetakchisi uzoqni koʻra biluvchi rahbar sifatida oʻzini namoyon etdi. Tahlilchilarning baholariga suyangan holda jurnalist Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining 18 oyi mobaynida xorijiy mamlakatlarga 17 ta tashrifni amalga oshirganini yozadi. Qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash oʻzbek diplomatiyasining diqqat markazida boʻldi.

“Prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyoning har bir mamlakatiga tashrif buyurdi. Chegaralar boʻyicha muzokaralar tiklandi, koʻplab bahsli masalalar hal etildi. Uning Pekin, Seul, Moskva, Vashington, Nyu-Dehli, Parijga tashriflari esa rasmiy Toshkentning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksalishiga xizmat qildi. Afgʻonistonga nisbatan siyosatini mutlaqo oʻzgartirib, Oʻzbekiston endi ushbu mamlakatga hamkorlik uchun imkoniyatlar manbai sifatida qaramoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston hukumati Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinch muzokaralar oʻtkazish uchun maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Viza tartibining soddalashtirilishi, valyuta va bojxona sohalarining liberallashtirilishi, S. Haydarning fikricha, mamlakatga sayyohlar va xorijiy sarmoyalar oqimi kengayishi uchun mustahkam poydevor yaratdi. Bu respublika aholisining yarmidan koʻpini tashkil qiladigan yoshlar uchun minglab ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?