“The Guardian”: “Oʻzbekistonga sayohat yoʻriqnomasi: oylik marshrut”

19:03 31 Yanvar 2019 Welcome to uzbekistan
743 0

Illyustrativ foto

Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Guardian” gazetasida taniqli jurnalist Kerolayn Idenning shu nomdagi maqolasi eʼlon qilindi. Unda yurtimiz sayyohlik imkoniyatlari haqida atroflicha maʼlumot berilgan. Quyida ana shu materialning eng muhim qismlarini eʼtiboringizga havola etamiz.

Nima uchun borish kerak?

“Buxoroning moviy gumbazlari, Qoraqalpogʻiston choʻllari, Toshkentning betakror metropoliteni, Samarqandning tarixiy koʻchalari — mana nima uchun Oʻzbekiston sayyohlarni jalb qiladi?, — deb yozadi muallif. — Mamlakatning shonli tarixi oʻzbekona mehmondoʻstlik bilan uygʻunlashib ketgan. Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar natijasida respublikaga sayohat qilish ancha osonlashdi, bu yoʻldagi byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi, koʻplab tillarda soʻzlashadigan gid-tarjimonlar maktabi shakllantirildi, temir yoʻl, avtomobil va havo yoʻllari takomillashtirildi. Koʻplab Yevropa davlatlari fuqarolari uchun viza bekor qilindi. Masalan, Buyuk Britaniya fuqarolari 1 fevraldan eʼtiboran 30 kun mobaynida Oʻzbekistonda vizasiz boʻlish imkoniyatiga egalar.

Andijondan Nukusgacha...

Mamlakatning qaysi nuqtasiga borish haqida fikr yuritar ekan, K. Iden sayohatni poytaxt Toshkentdan boshlashni tavsiya etadi. “Shahar markazidagi mahobatli Amir Temur haykalini tomosha qilib, soʻngra “yer osti moʻjizasi” — metropoliten boʻylab sayr qilish mumkin. Chorsu bozorida rastalarning toʻlaligidan boshingiz aylanib qolmasa, quruq mevalar va nonlardan qoʻyningizga siqqanicha oling, chunki bunaqasini boshqa oʻlkada topa olmaysiz.

Keyin Fargʻona vodiysi tomon yoʻlga tushing. Ipak sanoatining markazi boʻlmish Margʻilon sizni hayratda qoldirishi aniq. Bu yerda ham bozorga kirib, xilma-xil mevalardan oling. Qoʻqonning tarixiy masjidlari, saroylari sizni goʻyo oʻtmishga yetaklaydi. Qoʻqonning holvasidan tatib koʻrishni unutmang. Rishtonda esa butun dunyoga mashhur kulollar yashaydi. Ularning sanʼat asarlari jahon muzeylarida namoyish etishga arziydi. Andijonga borib, u yerning qovunlarini yeb koʻrsangiz, nega Bobur hazratlari Hindistondek ulkan davlatda qudratli saltanatga asos solganiga qaramay, bir umr Andijonni sogʻinib oʻtganini anglab yetasiz.

Toshkentga qaytib, toʻgʻri Chimyon togʻlari tomon yoʻl oling. Bu yerda yozda hammayoq gulga, qishda esa qorga burkanadi.

Samarqandni koʻrmasangiz, Oʻzbekistonga bormagan hisoblanasiz. Tezyurar “Afrosiyob” poyezdi sizni ikki soatda u yerga yetkazadi. Samarqandning Registoniyu ulugʻvor masjid-madrasalari har qanday kishining eʼtiborini tortadi.

Keyingi manzil Nurota — bu yerda muqaddas buloqdan suv ichib, Buxoro tomon yoʻlga chiqasiz. Bu shaharni tomosha qilish uchun bir kun yetmaydi, uni anglash va his qilish uchun esa bir umr ham kamlik qiladi.

Buxorodan Urganch hamda Xiva tomon borasiz. Xivaga nega “ochiq osmon ostidagi muzey”, deya taʼrif berishlarini bilasizmi? Chunki bu shahar butunligicha saqlanib qolgan. Bunaqasi dunyo amaliyotida kamdan-kam uchraydi.

Xivadan Nukusga uchib, u yerda dunyoga mashhur Savitsikiy muzeyiga kiring. Oʻzining tasviriy sanʼat namunalari bilan Saviskiy muzeyi Luvr muzeyidan kam emas.

Oʻzbekistonda transport tizimi rivojlangan. Temir yoʻllar tarmogʻi kengayib, tarixiy shaharlar oʻrtasida yangi yoʻnalishlar hamda tezyurar poyezdlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Avtomobil qatnovi esa sizga nihoyatda arzon tushadi.

Butun respublika boʻylab mehmonxonalar majmuasi qurilyapti. Soʻnggi ikki yilda mamlakatga sayyohlar oqimi keskin ortgani sababli mehmonxonada joyni oldindan band qilib qoʻyganingiz maʼqul.

Oʻzbeklar taom tayyorlashni sanʼat darajasiga olib chiqqan, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ayniqsa, milliy taom — palov respublikaning har bir nuqtasida oʻziga xos usulda tayyorlanishiga qaramay, u hamma joyda birdek mazalidir. Bundan tashqari, osh bu shunchaki taom emas, balki oʻzbek madaniyati va mehmondoʻstligining bir qismidir.

Oʻlkaning qaysi nuqtasida boʻlishingizdan qatʼi nazar, ishtahani ochuvchi iforlarni sezasiz. Qozonlarda pishayotgan ovqatlarning mazasi va koʻrinishining oʻzi sizga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlaydi!”.

Ingliz tilidan Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tarjimasi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?