The Brookings Institution: Oʻzbekiston qanday qilib faol va ochiq iqtisodiyotga oʻtmoqda?

17:45 27 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
378 0

AQSHning nufuzli “aql markazi” — “The Brookings Institution” veb-saytida “Oʻzbekiston qanday qilib faol va ochiq iqtisodiyotga oʻtmoqda?” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi.

Material bir guruh yetakchi mutaxassislar tomonidan tayyorlangan boʻlib, ular orasida Jahon bankining Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha direktori Liliya Burunchuk, Jahon banki yetakchi iqtisodchisi Volfang Fengler, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) mintaqaviy direktori Vibke Sxlomer va XMK iqtisodchisi Daria Taglioni bor.

Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotini qurish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar dasturining ikkinchi yili oʻtmoqda, deb yozadi mualliflar. Hukumat uch fundamental oʻtishni amalga oshirmoqda, yaʼni:

— maʼmuriy-buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga;

— davlat sektoridan xususiy sektorga;

— yopiq va izolyatsiyaga asoslangan iqtisodiyotdan faol va ochiq iqtisodiyotga.

Mamlakatdagi yangilanishlar ortib borayotgan tashqi tahdidlar va aholi tarkibida yoshlar soni izchil koʻpayayotgan sharoitda kechmoqdaki, shu sababli yangi ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Transformatsiya jarayonida davlat resurslarni taqsimlovchi emas, balki bozorning drayveri va tartibga soluvchisi boʻlib bormoqda. Bu tashqi omillar taʼsirini bartaraf etish, ijtimoiy farovonlikni taʼminlash va ijtimoiy himoya tizimini yaratish imkonini beradi.

Bandlik, sanoat, eksport va energiya samaradorligi — aynan mana shu toʻrt vazifa Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida turibdi.

Tobora rivojlanayotgan Oʻzbekiston ushbu resursdan iqtisodiy oʻsishni taʼminlash yoʻlida foydalanishi mumkin. Mutaxassislar maʼlumotlariga koʻra, 2017 yili respublikada 23 millionga yaqin mehnatga layoqatli kishilar boʻlgan boʻlsa, 2030 yili bu koʻrsatkich yana toʻrt millionga ortadi hamda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik davlatlaridan biriga aylanadi.

Yaqin-yaqingacha asosiy ish oʻrinlari qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida yaratilar edi, iqtisodiyotda esa davlat korxonalari ustuvor ahamiyat kasb etardi. Shu sababli samarasiz davlat kompaniyalaridan voz kechish vaqti keldi.

Eksport haqida fikr yuritganda, mutaxassislar jahon kommunikatsiyalaridan uzoqlik Oʻzbekistonga “mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish zanjiri”ga integratsiyalashishni qiyinlashtirganini taʼkidlaydilar. Respublikadagi ishbilarmonlik muhitining yaxshilanib borishi bilan oʻzbek tovarlari va xizmatlari oʻarbiy Yevropa va Sharqiy Osiyo bozorlariga yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shu oʻrinda energetik samaradorlik ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Bu yoʻnalishda amalga oshirilgan zarur chora-tadbirlar orasida kimyo sanoatini hamda neft-kimyo tarmogʻining modernizatsiya qilingani alohida koʻrsatib oʻtiladi.

Maʼruzaning ikkinchi qismida ekspertlar Oʻzbekistonning izchil taraqqiyoti va farovonligida muhim oʻrin tutishi mumkin boʻlgan toʻrt sohani ajratib koʻrsatadilar.

Dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagani sababli Oʻzbekiston uchun, birinchi navbatda, havo qatnovi (“air connectivity”) hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Avtomobil hamda temir yoʻl transporti samaradorlik va vaqtni tejash nuqtai nazaridan havo yoʻllaridan sezilarli darajada orqadadir. Bu, ayniqsa, tashqi bozorlarga qimmatbaho hamda sifati tez buziladigan mahsulotlarni yetkazib berishda nihoyatda muhimdir. Mualliflar Oʻzbekiston Prezidentining viza tartibini liberallashtirish va fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirishga oid qabul qilgan hujjatlarini ijobiy baholaydi.

Soʻnggi vaqtda Oʻzbekistonda “raqamli iqtisodiyot” izchil shakllanib kelmoqda. Mazkur iqtisodiyot uchun universal hamda arzon infratuzilma yaratish qatʼiy islohotlar va salmoqli investitsiyalarni talab qilishi ayondir. Funksiyalarni taqsimlash hamda davlatning mamlakat hayotidagi ishtirokini kamaytirish orqali yangi iqtisodiyotni qurish mumkin.

Kimyo sanoati ulkan salohiyatga ega manbadir. Boy tabiiy resurslarga ega Oʻzbekiston jahon bozorida muhim oʻrin tutadi. Uglekislota gazlari chiqarishni kamaytirish maqsadida respublika kimyoviy korxonalar modernizatsiya qilinmoqda. Ushbu jarayonda xorijiy kompaniyalar ham ishtirok etayotgani eʼtiborga molikdir. Mazkur tarmoqning zamon talablari darajasiga keltirilishi Oʻzbekistonning raqobatdoshligini oshiradi va uni energetik jihatdan samarali mamlakatga aylantiradi.

Agrosanoat ulkan yashirin imkoniyatlar olamidir, deb yozadi mualliflar. Respublika har yili qariyb bir milliard dollarlik meva hamda sabzavotlarni eksport qiladi. Asosiy isteʼmolchilar Qozogʻiston va Rossiya boʻlib qolmoqda. Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakat oʻzining yuqori sifatli mahsulotlarini Yevropa hamda Sharqiy Osiyo bozorlariga eksport qilish uchun barcha imkoniyatga ega. Oʻzbek meva va sabzavotlari xaridorgir.

Xulosa oʻrnida mualliflar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar katta foyda keltirishini prognoz qiladi. Albatta, koʻzlangan oʻzgarishlarni hayotga tatbiq qilish oson emas, ular nihoyatda katta masʼuliyat va qatʼiy chora-tadbirlarni talab etadi. “Pirovardida Oʻzbekiston raqobatbardosh, ochiq va farovon jamiyat qura oladi”, deyiladi tahliliy maqolada.
Anvar MIRZAYEV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?