Tezkorlik bo'yicha dunyoda eng kuchli 6-superkompyuterga ega universitet Oʻzbekiston maktablarida ingliz tili, AKT va matematikani oʻqitishda yordam beradi

15:10 07 Mart 2020 Jamiyat
326 0

Yaqinda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov va AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyum Missisipi shtatiga tashrif buyurdi. Ular safar doirasida Starkvil shahrida joylashgan Missisipi shtati universitetida(MSU) ham mehmon boʻlishdi.

Ikki elchixona delegatsiyasi universitet prezidenti Mark Kinum bilan uchrashdi, shuningdek, muassasaning akademik va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
 

Maʼlumot uchun, MSU oʻz mamlakatidagi eng yetakchi oliy taʼlim dargohlaridan biri boʻlib, 1878-yilda asos solingan hamda 8 ta institut va 5 ta tadqiqot markazini oʻz ichiga oladi. Unda AQSHdan tashqari dunyoning 80 dan ziyod davlatidan kelgan 22 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Yillik byudjeti — qariyb 1 milliard dollarni tashkil qiladi. Ushbu oʻquv yurti moliyaviy xarajatlarining salmoqli qismi qishloq va oʻrmon xoʻjaliklari, IT-texnologiyalar sohalarida tadqiqotlar olib borishga yoʻnaltiriladi. Xususan, MSU maʼlumotlarni qayta ishlash tezligi boʻyicha AQSHda 4, jahonda 6-oʻrinda turadigan superkompyuterga ega.

Taʼkidlanishicha, universitet ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini taqdim etgan holda Missisipi shtati qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirliklari, AQSH mudofaa vazirligi bilan hamkorlik qilib keladi. Bundan tashqari, MSU Malavi, Gana, Zambiya va Bangladeshda chorvachilik sohalarida ish olib boradi.

Mark Kinum bugungi kunda universitetning 4 nafar eksperti Oʻzbekiston xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda pilot loyihalar ustida ish olib boryapti. 1-6-sinflarda oʻqish va matematika koʻnikmalarini oshirish, 1-11-sinflar uchun IT-sohalarda oʻquv dasturlarini yaratish, 1-11-sinflarda ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirish shular jumlasidandir. Binobarin, MSU tomonidan joriy yildan boshlab Oʻzbekistondagi maktablar oʻqituvchilari uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi.

M.Kinumning soʻzlariga koʻra, u rahbarlik qilayotgan OTM Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda ikki diplomli taʼlim dasturini amalga oshirishdan katta istiqbollar kutyapti. Zero, bu oʻzbekistonlik talabalarga qishloq xoʻjaligi jabhasida eng ilgʻor uslublar va texnologiyalarni qoʻllagan holda ham mahalliy miqyosda oʻqish, ham gʻarb taʼlimini oʻzlashtirish imkoniyatini beradi.
 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?