Tez oʻsuvchi yogʻochbop daraxtlar ekilgan yer maydonlari yer soligʻidan ozod etildi

11:35 12 Aprel 2019 Jamiyat
372 0

Yogʻoch qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Hukumat qarori (297-son, 11.04.2019) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida 88 ming 123 gektar qamishzor maydoni boʻlib, 475 ming 864 tonna qamish yetishtiriladi.

Qarorga muvofiq, mazkur hududlardagi kichik sanoat zonalarida yogʻoch qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi.

Bunda qamishlarning oʻrib olinishi natijasida atrof-muhitga, hayvonot olamiga, koʻchib yuruvchi qushlarga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida foydalanilishi mumkin boʻlgan qamishzorlar maydonlari reyestri shakllantiriladi.

Mazkur qamishzorlar reyestri asosida yogʻoch qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish uchun investorlar jalb etiladi.

Qarorga koʻra respublikada 2019 yilda 60 ming kub.m, 2020 yilda 190 ming kub.m hamda 2021 yilda 330 ming kub.m yogʻoch qirindili plitalar (DSP) va ularning muqobil turlari ishlab chiqariladi.

2022 yil 1 yanvargacha yogʻoch qirindili plitalar va uning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar olib kiradigan xom ashyo, asbob-uskunalar, ularning butlovchi hamda ehtiyot qismlari bojxona toʻlovlaridan ozod etildi.

Viloyat hokimlariga tadbirkorlarga terak va pavloniya ekish uchun ball boniteti past yerlarni ajratish vazifasi yuklandi.

Yogʻochbop daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etgan tadbirkorlar 2022 yil 1 yanvargacha terak, pavlovniya va boshqa tez oʻsuvchi yogʻochbop daraxtlar ekilgan yer maydonlari uchun yer soligʻi toʻlamaydi.

Qonunchilikka muvofiq, yogʻoch-payraxa plitalar va yogʻochdan yasalgan shunga oʻxshash plitalar yoki qatron yoki boshqa organik bogʻlovchi moddalar shimdirilgan yoki shimdirilmagan boshqa yogʻochsimon materiallarni olib kiruvchi yuridik shaxslar import bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan edi. 2019 yil 1 maydan mazkur imtiyoz bekor qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?