Test sinovlari uchun 120 dona mobil aloqalarini toʻsuvchi qurilma (glushitel) oʻrnatildi

17:41 29 Iyul 2019 Jamiyat
224 0

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga qabul test sinovlarini oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, kutilayotgan natijalar va kelgusi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Davlat test markazi direktori Majid Karimov va markaz bosh boshqarma boshligʻi Barno Rajabov jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

Tadbirda joriy oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun 1 million oltmish olti ming 925 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgani va maʼlumotlar bazasiga kiritilgani maʼlum qilindi. Test sinovlarini oʻtkazish uchun 66 ta bino tayyorlandi, binolarning eng kattasi 1710 oʻrinli. Rejadagi 3 ta binodan foydalanilmaydi.

Abituriyentlar soni rejadagidan kam boʻlganligi sababli Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 ta, Buxoroda 1 ta va Toshkent shahrida 1 ta zaxiradagi binolarda test sinovi oʻtkazilmaydi.

Binolar bir smenada 1189 ta guruhda 35670 nafar abituriyent (kunlik 2378 ta guruh, 71340 nafar abituriyent) uchun kirish test sinovlarini oʻtkazishga moʻljallangan.

Bugungi kunda 66 ta binoda abituriyentlar soniga yetarlicha boʻlgan stol-stul bilan taʼminlandi. Stollar ustiga abituriyentlar uchun koʻrsatma maʼlumotlar qoʻyib chiqilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1155 tadan ortiq videokuzatuv kameralari, 120 dona mobil aloqalarini toʻsuvchi qurilma (glushitel), abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari oʻrnatildi. Test sinovi oʻtkaziladigan binolarga qoʻshimcha zaxira elektr tarmoqlari ulandi.

Ota-onalarning kutish joylari uchun soya-salqin joylar belgilandi va ularga maishiy sharoitlar tashkil etish belgilangan. Kirish test sinovlarida shaffoflik va oshkoralikni taʼminlash maqsadida abituriyentlar ota-onalarining test sinovlari jarayonini onlayn rejimda kuzatib borishlari uchun monitorlar oʻrnatildi.

Qabul test sinovlari uchun 180 ming dan ortiq test topshiriqlari shakllantirilgan. Testlar 2-bosqichli ekspertizadan oʻtkazilgan, ularning oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi bir xilligi taʼminlanadi.

Kirish test sinovlari jarayonida guruh nazoratchisi vazifasini bajarish uchun seminar mashgʻulotlarda ishtirok etgan hamda sinovlarida ijobiy baholangan oliy taʼlim muassasalarining jami 5232 nafari professor-oʻqituvchilari, xalq taʼlimi tizimidagi rahbar va pedagog xodimlar bilan tegishli mehnat shartnomalari rasmiylashtirilgan.

— Bugungi kunga qadar 930 mingdan ortiq abituriyent DTMning dtm.uz rasmiy veb-saytidan ruxsatnomalarini olgan, 57 mingdan ortigʻi bugun kun yakuniga qadar olib ketishlari talab etiladi, — dedi Majid Karimov. – Ammo bu oxirgi muddat emas, abituriyentlar imtihon kuniga qadar ruxsatnomasini olsa, imtihonga muammosiz kiritiladi. Test imtihonlariga kechikkan abituriyentlarga ham imkon berish boʻyicha Davlat qabul komissiyasiga taklif berganmiz. Umuman, test imtihonlarida barcha uchun bir xil sharoitni taʼminlash, imtihonlarning ochiq, shaffof va adolatli oʻtishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Qayd etilishicha, test imtihonlari eng birinchi Surxondaryo viloyatida yakunlanadi — 8-avgust. Toshkent shahri, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida 10-avgust, Qashqadaryo viloyatida 11-avgust, Fargʻona, Jizzax va Navoiy viloyatlarida 12-avgust, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Xorazm va Samarqand viloyatlarida 13-avgust va Buxoro viloyatida 14-avgust kuni kirish imtihonlari yakuniga yetadi.

Davlat test markazi direktori bu yil abituriyentlardan avvalgi yillarda ham hujjat topshirgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda yigʻilgan mablagʻlar miqdoriga ham aniqlik kiritdi — 53 milliard soʻm. Ushbu mablagʻlar test jarayoni uchun talab etiladigan xarajatlarga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, notoʻgʻri toʻlovni amalga oshirgan 10 mingdan ziyod abituriyent ham bor va Markaz ushbu mablagʻlarni egalariga qaytaradi.

Majid Karimov, shuningdek, oʻtgan yilgi test sinovlaridan norozi boʻlgan abituriyentlar haqidagi savolga ham javob qaytardi. Oʻtgan yili appelyatsiya arizasi 4 ming atrofida boʻlgan, 40dan ziyod arizachilarning talabi qoniqtirilgan. Sud orqali 8 kishi murojaat qilgan va shundan ikki nafari sudda yutib chiqqan.

“Test markazi notoʻgʻri savol tuzmagan. Pediatriya institutiga hujjat topshirgan ikki abituriyent bitta savol boʻyicha yutib chiqdi. Savolda oltita parametr qoʻyilgan boʻlsa, ular yettinchi va sakkizinchi parametrlari boʻyicha munozaralari deb topilgan. Sudda ishni 8 nafar ekspert koʻrgan boʻlsa, ularning oltitasi Davlat test markazi tomonida boʻldi, ikki nafari abituriyentni haq deb topdi. Shu bois sud ishni ularning foydasiga hal qilgan.

Biz sud qarori boʻyicha appelyatsiya berishga vaqtimiz boʻlmadi. Lekin sud qarori talabini bajardik. Bittasi toʻlov-shartnoma asosida oʻqir ekan, davlat grantiga oʻtkazildi, yana biriga esa bu yilgi oʻqishga kirishi uchun imtiyoz berilgan”, — Majid Karimov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?