Test sinovlari qanday oʻtmoqda?

13:07 07 Avgust 2019 Jamiyat
186 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oliy taʼlim muassasalariga qabul imtihonlari boshlanganiga, mana, bir haftadan oshdi. Xoʻsh, mazkur jarayondagi shaffoflik va adolatdan abituriyentlarning koʻngli toʻlyaptimi? Taqdirlarda katta burilish yasaydigan ushbu masʼuliyatli davr haqida ota-onalarning fikri qanday? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida poytaxtimizdagi test sinovlari boʻlib oʻtayotgan “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasiga tashrif buyurdik.

Ehtiyot boʻling, “paravoz” — videofiksatsiya

Bilimlarini sinovdan oʻtkazishga oshiqayotgan abituriyentlar belgilangan pavilyonga yetib borgunicha uch hududda andak sabr qilishiga toʻgʻri keladi. Ular har bir tekshiruv punktida tegishli organlar xodimlari tomonidan metallodetektorlar hamda maxsus uskunalar yordamida tekshirilmoqda. Xotin-qizlarni koʻzdan kechirish uchun maxsus yoʻlaklar tashkil qilingan. Ularda tegishli organlarning ayol xodimlari ishlayapti.

Tekshiruvning har bosqichida abituriyentlardan sumkalar, turli moslamalar, uyali telefonlar, “shpargalkalar”, har xil varaqlar va qogʻoz parchalari olib qolinmoqda. Muhimi, imtihonga olib kirilmoqchi boʻlgan ortiqcha buyumlar har yilgidan-da ancha kam. Yigit-qizlarning koʻpchiligi tartib-qoidada belgilanganidek, faqat fuqarolik pasporti va abituriyentlik ruxsatnomasi bilan kelishyapti.

Aytish kerakki, pavilyonlar eshigi oldidan qaytib ketayotgan abituriyentlar ham uchrayapti. Chunki bu yerga videofiksatsion tekshiruv qurilmasi oʻrnatilgan. Ushbu zamonaviy moslama test sinovida qatnashishga shahd qilgan abituriyent yuzini hujjat topshirayotgan paytda olingan surati bilan avtomatik solishtiradi. Qurilma oʻzaro muvofiqlikni past darajada qayd etgan taqdirda abituriyentning barmoq izlari tekshirilmoqda. Shu kabi zamon talablariga mos usullar birovning oʻrniga imtihonga kirmoqchi boʻlgan “paravoz”larni tutib qolish imkonini beryapti.

Imtihonda qanday harakat qilishni bilasizmi?

— Test sinovlariga qadar har bir abituriyentning bu savolga javobi boʻlishi kerak, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi masʼul xodimi Orziqul Boboyev. — Afsuski, talabalikka talabgorlarning barchasi ham bu borada yetarli maʼlumotga ega emas. Bu ularni hatto test sinovlaridan chetlashtirishga ham olib kelyapti.

Xoʻsh, barcha tekshiruvlardan muvaffaqiyatli oʻtib, binoga kirib kelgan abituriyent qanday harakatlanishi lozim? U, avvalo, ruxsatnomada koʻrsatilgan guruhda roʻyxat boʻyicha oʻziga tegishli oʻringa oʻtirishi shart. Imtihon jarayonida oʻzgalar bilan gaplashish, test savollarini boshqalarga uzatish, bir-biriga yordam berish man etilgan. Javoblar varagʻini buklash, uning belgilanmagan joylariga yozish taqiqlanadi. Javoblarni belgilash ham masʼuliyatli jarayon boʻlib, abituriyent bitta test topshirigʻiga ikki va undan ortiq doirachani boʻyashi yoki toʻliq boʻyamasligi yo hammasini boʻsh qoldirishi mumkin emas. Bundan test topshirigʻiga ball berilmaydi.

Nazoratchilar nazorat ostida

Imtihon jarayonlarini nazoratchilar sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Abituriyentlarning har bir harakati ularning eʼtiborida. Nazoratchilar oltin davr ostonasida turgan yoshlarning xatti-harakatlarini kuzatib qolmay, test sinovlariga salomatligida baʼzi nuqsonlar bilan yoki homilador holatda kelgan, shuningdek, imkoniyati cheklangan abituriyentlarning oʻrinlariga joylashishiga yordam beryapti.

Orziqul Boboyevning aytishicha, har bir nazoratchi koʻplab talabgorlar orasidan saralab olingan. Bundan tashqari, turli seminarlar, konferensiyalar orqali ularning bilim va saviyasi yanada oshirilgan. Nazoratchilarga test jarayonidagi huquq va majburiyatlari chuqur tushuntirilgan. Qolaversa, pavilyonlarga oʻrnatilgan videokameralar ularning ham har bir harakatini yozib olmoqda. Birorta abituriyent ular faoliyatidan norozi boʻlib, murojaat etsa, bu videoyozuvlar haqiqatni oydinlashtirish uchun asos boʻladi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan nazoratchi, shubhasiz, jarayondan chetlashtiriladi. Shuni ham qayd qilish kerakki, bunday masʼul xodimlarga mehnati uchun toʻlanayotgan haq bu yil sezilarli oshirilgan. Ular ikki smenada faoliyat yuritsa, 200 ming soʻmdan ortiq miqdorda mablagʻ ishlab oladi.

“Oʻgʻlimni monitorda kuzatib turibman”

Farzandining test sinovidan chiqishini kutib turgan ota-onalar uchun ham soya-salqin hududda maxsus joy, savdo shoxobchalari tashkil etilgan. Bunday qulay sharoitlardan mamnun ota-onalarning nigohi shu yerga oʻrnatilgan ulkan monitorda. Unda imtihon jarayonlari toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilmoqda.

— Oʻgʻlim Husan talaba boʻlishi uchun bu yil uchinchi bor omadini sinab koʻryapti, — deydi toshkentlik Zumrad Rahmonova. — U Toshkent davlat stomatologiya institutiga oʻqishga kirish uchun test topshirmoqda. Oʻgʻlimni monitorda kuzatib turibman. Uning oʻziga ishonib harakat qilayotganini xatti-harakatlaridan sezib, xursand boʻlyapman. Nasib etsa, bilim olish uchun qilgan mehnatlari samara berib, nufuzli institutning talabasi boʻladi. Avvallari ota-onalar uchun bunday qulaylik yaratilmagan. Xususan, oʻtgan yili ham monitor bir ishlab, bir ishlamay qolgandi. Boshqa hududlarda hatto bu koʻzboʻyamachilikka aylangani, monitorlar faqat bir “surat”ni namoyish qilgani, qotib qolgani, hamma pavilyonlarni ham koʻrsatmagani aytilgandi. Bu yil hozircha bunday gap-soʻzlarni eshitmadik.

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizdagi test sinovlari oʻtayotgan binolarning barchasi internetdagi www.test2019.uz sayti va maxsus DTM telekanali orqali ham toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilmoqda.

Apellyatsiya shikoyati berish tartibi qanday?

Imtihon natijalari yoki test sinovlari jarayonidan rozi boʻlmagan abituriyentlar uchrashi, tabiiy. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi ularning har bir murojaatini koʻrib chiqadi.

Norozi abituriyentlar 20-avgustdan 31-avgustgacha apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda shikoyat qilish huquqiga ega. Abituriyentga apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi toʻgʻrisida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi. Shikoyatchi xabarnomada belgilangan kunda oʻzining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Appellyatsiya Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlardagi boʻlimlarida qabul qilinadi. Shikoyatga abituriyent ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinishi kerak.

Abituriyent komissiyaning apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Adolatga ishonch yuqori

Test imtihonini yakunlab, bino tashqarisiga chiqqan abituriyentdan jarayonlarning qanday kechganini soʻradik.

— Toshkent davlat agrar universiteti talabasi boʻlish uchun bilimlarimni sinovdan oʻtkazdim, — deydi samarqandlik Ramazon Abdiyev. — Biz uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunman. Bino ichi salqin, barcha zarur vositalar yetarli. Testni barcha oʻz bilimi bilan yechdi, nazarimda. Turli aloqa vositalari yoki “shpargalka”dan foydalangan kishiga koʻzim tushmadi. Shaffoflik taʼminlangan bunday jarayonlarda adolat qaror topib, eng bilimlilarning yuzi yorugʻ boʻlishi, shubhasiz.

Koʻrinib turibdiki, bu yil imtihonlarning tashkil etilishi koʻplab yurtdoshlarimizni qoniqtirmoqda. Ular abituriyentlar uchun avvalgi yillardan-da qulay sharoitlarda, keng va yorugʻ pavilyonlarda, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanilgan holda kuchli nazorat ostida boʻlib oʻtayotgan imtihonlardan umidi katta. Ular test sinovi fanlarini chuqur oʻzlashtirgan, bilimi yuksak yoshlarga talaba boʻlish baxti nasib etishiga ishonmoqda.

...Darhaqiqat, yana sanoqli kunlardan soʻng mamlakatimiz talabalari safiga minglab yoshlar qoʻshiladi. Ularning yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, oʻzlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishiga, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga hissa qoʻshishiga ishonamiz.

Dilshod KARIMOV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?