Test sinovlari qanday boʻladi? Eng muhim oʻzgarishlar

14:56 23 Fevral 2019 Jamiyat
3549 0

23 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida“gi qaror loyihasi boʻyicha sharh“ mavzusida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Unda yangi oʻquv yili oldidan boʻlib oʻtadigan test imtihonlarida boʻlishi kutilayotgan oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi. Eng asosiy oʻzgarishlar, eng koʻp savollar tugʻdirayotgan oʻzgarishlar qanday boʻladi? Quyida matbuot anjumanida berilgan savollarga javob asosida ushbu oʻzgarishlarga toʻxtalamiz.

Hujjat topshirish pulli boʻladimi?

Ha. 2019 yilgi test imtihonlaridan boshlab oʻtgan yil, yoki undan oldingi yil test sinovlaridan oʻta olmay bu yil yana hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida toʻlovni amalga oshirish taklif qilinmoqda. Yaʼni hozirgi vaqtda 202 ming 730 soʻm. Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni bitirganlar uchun bu summa toʻlanmaydi. Yangi bitirgan abituriyentlar uchun hujjat topshirish va test sinovlarida ishtirok etish bepul.

Nega toʻlov qilinyapti?

Abituriyentlarning hujjat topshirishidan pul yigʻib olinishidan birlamchi maqsad bu oʻsha toʻlovdan tushgan pullarning test sinovlarini sifatli oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash. DTM rahbari Majid Karimovning taʼkidlashicha, bu pulga test boʻlib oʻtadigan binolarning ijara toʻlovi, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatuv zamonaviy kameralari, ota-onalar kuzatuvi uchun monitorlar, abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan taʼminlashga sarflanadi.

Mazkur masala boʻyicha “Xalq soʻzi“ muxbiri savol bilan murojaat qildi: Abituriyentlar toʻlovining qancha qismi xorijdan keltiriladigan texnik qurilmalar sotib olishga sarflanadi? DTM rahbari bu savolga taxminan 80 foizi xuddi shunday zamonaviy uskunalar sotib olinishga sarflanishini maʼlum qildi. Oʻz-oʻzidan bu ikkinchi savolni keltirib chiqardi. Xoʻsh 80 foiz pul zamonaviy texnika sotib olishga sarflansa, keyingi yil uchun yigʻilgan pul nimaga sarflanadi? Bu qanday zamonaviy qurilma ekanki, bir yildan keyin yana yangisini sotib olishga zarurat boʻlsa?

Karimovning soʻzlariga koʻra, yuqorida sotib olinadigan texnikalardan tashqari maxsus printerlar, test natijalarini aniqlashda koʻmaklashadigan boshqa uskunalar ham sotib olinadi va ular bir yilda boʻladigan test sinovidayoq oʻzining meʼyorini bajarib boʻlishi va yaroqsiz holatga kelishi mumkin. Yaʼni bu kabi qurilmalarni har yili yangisini sotib olishga toʻgʻri keladi. Kuzatuv kameralari, konditsionerlar va boshqa shu kabi texnikalar ham har yilda almashtirishni talab qilinadimi, yoʻqmi bunga masʼul xodimlar aniqlik kiritishmadi.

Darvoqe, joriy yilda test sinovlarida ishtirok etish istagida boʻlgan abituriyentlar soni 1,2-1,3 mln nafarni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda. Ekan shundan 700 mingdan ortigʻi yangi bitiruvchilar, yangi abituriyentlar boʻladi. Bundan kelib chiqadiki, qolgan taxminan 500 mingdan ziyodroq abituriyentlar ikkinchi (yoki undan koʻproq) marta test sinovlarida ishtirok etishi lozim. Bu degani potensial toʻlovni amalga oshiruvchilarni taxminan 500 ming nafar deb olsak, 101 mlrd 650 mln soʻm DTM hisobiga tushadi. Bundan tashqari I va II nogironlari ham yana bir zaruriyati bor qatlam toʻlovlardan ozod qilinadi. Majid Karimovning soʻzlariga koʻra, taxminan 40 milliard soʻm yigʻilishi kerak. Buni test markazi qanday hisoblagan hozircha nomaʼlum. DTM rahbari pullarning umumiy miqdori va qay yoʻsinda sarflanishi boʻyicha shaffof maʼlumotlar taqdim etilishiga vaʼda berdi.

Foto: Majid Karimov, DTM direktori

Nechta oliygohga hujjat topshirish mumkin boʻladi?

Uchta. DTM mutasaddilariga koʻra, oldingi yillar bilan solishtirganda bittadan uchtaga oshirish va katta oʻzgarish. Kelgusida zarurat boʻlsa, bir cheklov soni oshirilishi mumkin.

Har bir oliygohga topshirgan abituriyent har biri uchun alohida bir EKIH miqdorida toʻlov toʻlashi kerak boʻladimi?

Yoʻq. Har bir “eski“ abituriyentlar bir marta 202 730soʻm miqdorida toʻlovni amalga oshiradi va shu toʻlov boʻyicha, bir vaqtning oʻzida, parallel ravishda uchta oliygohga hujjat topshirishi mumki boʻladi. Yana bir muhim oʻzgarish endi har bir abituriyent oʻz hududidagi Davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshiradi. Agentlik hujjatlar qabul qilib olishda qoʻshimcha toʻlov toʻlanadi. Hozircha bu summa taxminan 10-20 ming soʻm atrofida boʻlishi mumkinligi aytildi.

Testlarda 5ta fandan imtihon topshiriladimi?

Bu masala loyiha koʻrinishida turibdi va joriy yilda emas, keyingi oʻquv yili uchun oʻtkaziladigan test sinovlarida qoʻllaniladi. Yaʼni abituriyent 3ta majburiy va 2ta ixtiyorik fandan imtihon topshirishi mumkin boʻladi. Masalan ona tilidan qoʻshimcha imtihon (diktant, ogʻzaki savol-javoblar) topshirib, kerakli ball toʻplay olgan, abituriyent ona tili fanidan boʻladigan testlardan ozod qilinishi va maksimal ball olishi mumkin boʻladi. Yil oxiriga qadar bu borada aniq maʼlumotlar beriladi.

Texnik yoki matematikka ona tili yoki sohaga oid boʻlmagan fanlar nega kerak?

DTM mutasaddilariga koʻra, bunday talablar birinchi navbatda davlat granti asosida oʻqish istagida boʻlganlar uchun. Yaʼni davlat ajratgan grantga ilinish istagida boʻlgan har qanday abituriyent ona tilini va sohasiga bevosita aloqador boʻlmasa-da, maktabda oʻtiladigan fanlardan xabardor boʻlishi lozim. Mukammal grantga “tortadigan“ abituriyent uchun talab shunday. Texnik yoki matematik yoki boshqa sohada mutaxassis boʻlish istagida boʻlganlar toʻlov-kontrakt, yoki oddiy tilda aytganda “super kontrakt“ orqali oʻqishi mumkin. Grant asosida oʻqish istagida boʻlganlar shunday boʻlishi kerak.

Abituriyentning ballari endi uch yilgacha “kuymaydi“

Endilikda abituriyentga test sinovida toʻplagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu 3 yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli boʻlgan taqdirda u talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda 3 yil ichida EKIHni qayta toʻlash ham shart boʻlmaydi.

Test sinovidagi savollarda boʻlayotgan oʻzgarishlar

Joriy yildan boshlab Tarix fanidan atlas va kontur xaritalar boʻyicha savollar qoʻshiladi. Bu borada nega kech eʼlon qilinyapti, degan savolga DTM mutasaddilari “bularning barchasi darsliklar bor boʻlgan maʼlumotlar asosida tuzilganini bildirdi. Yaʼni yaxshi oʻquvchi maktab darsligida tarixdan atlas va kontur xarita haqida maʼlumoti boʻlishi kerak. Bu DTMning test dasturida avvaldan boʻlgan, shu paytgacha texnik imkoniyatlar yetarli boʻlmagani, chop etishdagi imkoniyatning cheklangani uchun bunday savollar kiritilmagan.

CEFR imtihonini qachon topshiramiz?

Eng savol aynan shu mavzuda boʻlmoqda. DTM vakillarining maʼlum qilishicha, ayni vaqtda xorijiy tajriba asosida bu kabi imtihonlarni olishda yagona tartib ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi taqdim etilgan. Qaror loyihasi kechikayotganligi sababli CEFR imtihoni uchun roʻyxatga olish toʻxtab turibdi. Qaror tez orada chiqadi va bu roʻyxatga olish boshlanib ketadi.

Imtihonlar qanchalik shaffof oʻtadi?

Imtihonlar oʻtadigan xonalar toʻliq translyatsiya qilinadi. DTM vakillarining aytishicha, oʻtgan yilgi Samarqandda va boshqa hududlarda kuzatilgan texnik nosozliklar bu yil qaytarilmasligi uchun imkon qadar qaytarilmaydi. Har bir ota-ona oʻz farzandini qanday imtihon topshirayotganini kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Imtihon boʻlayotgan binolarning qolgan xonalarida “oʻyinlar“ boʻlib ketmasligiga kafolat bormi?

Imtihonlar katta sport zallarida “Ekspomarkaz“ pavilonlarida oʻtkazilmoqda. Ammo bu binolar faqatgina oʻsha test oʻtkaziladigan xonalardan iborat emas. Masalan sport zallarida kiyim almashtirish xonalari, boshqa qoʻshimcha xonalar bor. Balki oʻsha yerlarda “maxsus abituriyentlar“ oʻtirgan boʻlishi mumkinmi? Nega u yerlarda kamera yoʻq, degan savol berildi. DTM rahbari buni taklif sifatida qabul qildi va shaffoflikni taʼminlash maqsadida bunday xonalarning boʻsh ekanligini tasdiqlash uchun lozim boʻlsa, kameralar oʻrnatilishini, buning uchun AKT vazirligi bilan hamkorlik qilinishini aytdi (shu oʻrinda barchadan iltimos qilgan boʻlardik. Mazkur vaʼdalarni imkoni boricha yodingizda saqlab qoling. DTM rahbari haqiqatdan ham oʻz vaʼdasida turadimi? Yoki oʻsha “sirli“ xonalar sirligicha qoladimi? Aynan shu mavzuga biz qaytamiz — tahr).

Savollarni kim tuzadi?

Savollar xalq taʼlimi vazirligi va tegishli vazirlik tomonidan saralab olingan komissiya tomonidan tuziladi. Tayyor boʻlgach ham bir necha marotaba qayta qayta ekspertizadan oʻtkaziladi. Maktab dasturidan chetga chiqqan savollar boʻlmaydi.

Azamat Murodov (“Xalq soʻzi) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?