Test sinovlari: Adolat va shaffoflik asosiy mezon

09:38 07 Avgust 2018 Jamiyat
505 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Abituriyentlar uchun test sinovlari boshlanganiga, mana, bir hafta bo‘ldi. Imtihonlar avvalgi yillardagiga nisbatan tubdan o‘zgarib, testni o‘tkazish jarayoni, savollarni tuzib chiqish va boshqa jihatlar isloh qilindi. Bular endi keng va qulay, kuzatuv kameralari bilan jihozlangan pavilonlarda tashkil etilyapti. Test topshirayotgan yigit-qizlarni ularning ota-onalari, yaqinlari va keng jamoatchilik katta monitorlar, shuningdek, internetdagi www.test2018.uz portali orqali bevosita kuzatib bormoqda.

Bilamizki, shu paytgacha qabul jarayonlari uchun imtihonlar faqat 1 avgust kuni bo‘lib o‘tardi. Turgan gapki, bir kunda olti yuz mingga yaqin yigit-qizlarning chinakam bilimini sinovdan o‘tkazish juda mushkul ish edi. Bu turli adolatsizliklarga yo‘l ochib, ayniqsa, xalqimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Prezidentimiz e’tibori tufayli qabul jarayonlaridagi adolatni, halollikni ta’minlash maqsadida test sinovlari o‘tish muddati 15 kun etib belgilandi. Natijalar bir kundan keyinoq e’lon qilina boshlandi. Nazoratni kuchaytirish maqsadida sinovlar keng pavilonlarda tashkil etilayotgani ham diqqatga sazovor.

Qulaylik
Haqqoniylikni ta’minlash oson ish emas

— Poytaxtimizda test o‘tayotgan binolardan biri — “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi­ga abituriyentlar tegishli organlar xodimlari tomonidan maxsus uskunalar yordamida tekshirilgach, kiritilmoqda, — deydi nazoratchilardan biri Rahimjon ­Mamayunusov. — Sinovlarning tartibli, yuqori saviyada, belgilangan talab va me’yorlarga mos holda o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan. Belgilangan pavilonlar barcha jihoz va ­uskuna, o‘quv vositalari bilan ­ta’minlangan.

Darhaqiqat, kuzatuvlarimiz davomida abituriyentlar test o‘tkazilayotgan binolarga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar orqali tekshirilib kiritilayotganiga guvoh bo‘ldik. Imtihon jarayoni ham videokuzatuv moslamalariga yozib olinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida Call-center tashkil etilgan. Qabul jarayonlari, test sinovlari va Davlat test markazi faoliyati bilan bog‘liq barcha savol bo‘yicha 11-95 qisqa raqamiga bo‘layotgan murojaatlarga javob berish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 12 nafar mas’ul xodim biriktirilgan. Tarmoqqa ulangan 6 ta telefon liniya doimiy ishlab turibdi.

Shunday muhim bir pallada, ajabki, ko‘plab yigit-qizlarning imtihonlarga kelmayotgani ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilishicha, 1 — 5 avgust kunlari o‘tkazilgan test sinovlarida 290 ming 44 nafar abituriyent qatnashdi. 6442 nafar yigit-qiz esa test sinovlariga kelmadi yoki kechikib kelgani uchun kiritilmagan.

Shu o‘rinda yana bir gap: qars ikki qo‘ldan chiqadi, deydilar. Farzandini turli nopok yo‘llar bilan o‘qishga ki­ritish uchun o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urayotgan, hali u, hali bu universitet domlasining eshigini taqillatib yurgan ota-onalar ham kam emas. Ular bilib qo‘yishi kerakki, qing‘ir ishning qiyig‘i baribir chiqadi. Pora bilan o‘qishga kirgan bola ertaga biror joyga ishga kirganidan so‘ng o‘sha “xarajatlar”ni qoplashni o‘ylaydi. Bundan tashqari, pora olish ham, uni berish ham — jinoyat. Qonunlarda har ikkisiga ham birdek javobgarlik belgilangan.

Fikr 
Ijtimoiy tarmoqlarda

Bu yilgi qabul jarayonining yana bir o‘ziga xos jihati — test javoblarining ertasi kuniyoq ma’lum bo‘layotgani. G‘alvir suvdan ko‘tarilib, bilimlar sinoviga kim qanday tayyorgarlik ko‘rgani tezda oydinlashmoqda. Hamyurtlarimizning ko‘pchiligi joriy yilgi imtihonlarning alohida e’tibor va nazorat ostida o‘tayotgani, jarayonda adolat va shaffoflik ta’minlanib, haqiqiy bilimli yoshlar talabalik baxtiga musharraf bo‘layotganidan xursandligini yashirmayotgan bo‘lsa, yana kimlardir hali ham qonun-qoidalar buzilayotgani va turli qing‘irliklardan foydalanilayotgani haqida gapirmoqda. Albatta, hamma o‘z fikrini bildirishga haqli. Lekin ular to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga biz hakamlik qila olmaymiz.

Ayrim misollarga e’tiboringizni qaratsak. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri Xolida Komilovaning yozishicha, “Avvallari shovvozlar baribir uddasidan chiqqan, “bunker” va “rektor guruhlari” ishlagan. Bu yil unday g‘irromliklar ko‘zga tashlanmadi”. Yana bir foydalanuvchi Shuhrat Sattorov esa “Axborot texnologiyalari korrupsiya va nohaqlikka maksimal darajada chek qo‘ya oldi. Bu dalilni hech kim inkor qila olmaydi. Biz bu yil nohaqlikning yuzdan birini ko‘rdik. Nega? Chunki imtihondagi abituriyent hammayoqda kamera o‘rnatilganini, uni xalq kuzatib turganini his qildi, taqdirga tan berdi” deb yozadi.

Qoida
Ko‘nglingiz to‘lmagan bo‘lsa...

Imtihon natijalari yoki test sinovlari jarayonidan rozi bo‘lmagan abituriyentlar uchrashi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi ularning har bir murojaatini ko‘rib chiqadi.

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida berilgan ma’lumotga ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni ichida) bo‘lgan muddatda apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda shikoyat qilish huquqiga ega.

Abituriyentga apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi. Shikoyatchi xabarnomada belgilangan kunda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Apellyatsiya Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi. Shikoyatga abituriyent ruxsatnomasining nusxasi ilova qilinishi kerak. Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi. Shikoyat apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, komissiya test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va shikoyatni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi. Abituriyent apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Yana bir gap

Mavzuni o‘rganish jarayonida Samar­qand shahrida yashovchi 40 yoshli Anvar Bekmurodov 18 yildan buyon talaba bo‘lishni orzu qilib, har yili turli oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgani haqida ma’lumotga duch keldik. Ammo uning shu paytga qadar omadi chopmagan. Joriy yilda A. Bekmurodovning 17 yoshli qizi Nozanin Bekmurodova ham Samar­qand davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirgan.

Uning bu yil ruhi baland. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘ngli to‘q abituriyent, nihoyat, talaba bo‘lishiga ishonadi.

Imtihonlarning shaffof o‘tishiga insonlarda ishonch paydo bo‘lgani ham katta yutuq aslida. Zero, ishonch bor joyda harakat, ertangi kunga umid bo‘ladi. Umid esa doimo yuksalishga poydevordir.

* * *
“Xalq so‘zi” so‘rovnomasi

Yurtdoshlarimizning fikrini bilish maqsadida “Xalq so‘zi” gazetasining “Telegram” messenjeridagi kanalida “Sizningcha, bu galgi test imtihonlari avvalgi yillarga nisbatan adolatli o‘tyaptimi?”, degan savol bilan so‘rov o‘tkazdik. Unda ishtirok etganlarning 54 foizi “Ha, oldingi yillardan yaxshi”, degan javobni bergan.

Ko‘rinib turibdiki, bu yil imtihonlarning tashkil etilishi ko‘plab yurtdoshlarimizni qoniqtirmoqda. Ular yangi tartib va qulay shart-sharoitlar asosida o‘tkazilayotgan test sinovi fanlarni chuqur o‘zlashtirgan, bilimli, intellektual yoshlar uchun talaba bo‘lish baxtini ulashayotganiga ishonmoqda.

Muxbirlarimiz materiallari asosida Dilshod KARIMOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?