Terrorchi aybiga iqror boʻlib, Oʻzbekistonga qaytdi

11:28 15 Aprel 2019 Jamiyat
448 0

Illyustrativ foto

Fargʻonada adashib diniy ekstremistik oqimga kirib qolgan, bir necha yillar davomida chet ellarda yurib, chin dildan pushaymon boʻlib yurtimizga qaytgan shaxsga sud tomonidan jazo tayinlandi. 

Kechirimlilik, bagʻrikenglik xalqimizga xos qadim qadriyatlardan sanaladi. Muqaddas dinimizda ham banda bilib-bilmay xato yoʻlga kirsa, soʻng xatosini tan olib, tavba qilsa barcha qilmish gunoh ishlari kechirilishi, zimmasidan soqit boʻlishi taʼkidlangan. Oʻtgan davrda hukumatimiz olib borgan insonparvarlik siyosati tufayli koʻpgina adashib diniy ekstremistik oqimlarga qoʻshilib qolgan fuqarolar hayotga qaytdi. Beshariqlik Ilyos Hakimov ham ana shulardan biri. Gʻalamis kimsalarning aldoviga uchib, eng gullagan yoshlik damlarini xazon qildi.

U 2010-2013 yillarda Beshariq tumanida Muydin Maxsudov tomonidan tashkil qilingan “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqim jamoatida ishtirok etib, ularning gʻoyalarini qoʻllab- quvvatlagan. Internet ijtimoiy tarmogʻida har xil diniy mazmundagi jihod qilish, shahid boʻlish va jannatga tushishga daʼvat etuvchi maʼruzalarni eshitib yurib, diniy aqidaparastlikka berilgan. Uni shu tumandan boʻlgan “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi aʼzosi, Suriya davlatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun odam yollash bilan shugʻullanuvchi Xayrullo Isoqov internet orqali Suriya davlatiga borish va jihod qilishga koʻndirgan. Ilyos ularning aldovlariga uchdi, ongi zaharlanib, jinoyat yoʻliga kirdi. Diniy oqimning buzgʻunchi gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab, jihod qilish uchun Suriya davlatiga borishni rejalashtirdi.

U 2014 yil fevral oyida Rossiya Federatsiyasi orqali Ukraina davlatiga oila aʼzolari bilan borgan. U yerda X. Isoqovning tanishi “Farrux” ismli shaxs kutib olib, uni uy joy bilan taʼminlagan. Yoʻl harajatlari uchun X. Isoqov 1 500 AQSH dollari yuborganidan keyin u turmush oʻrtogʻi Sh. Mahmudova va bir yoshli farzandi bilan Turkiyaning Istambul shahriga borgan. Ularni X. Isoqov kutib olib, oldindan tayyorlangan kvartiraga joylashtirgan.

2014 yilning mart oyida X. Isoqov bilan Istambul shahridan Suriya davlatiga avtobus orqali ketayotganida maxsus xizmat xodimlari tomonidan qoʻlga olingan. Muhojirlar saqlanadigan muassasaga vaqtincha saqlovga olingan. U shu yerda Suriyaga borganlar bilan gaplashib, vaziyatni bilgach, adashganini tushunib yetadi.

Ilyos Hakimov oʻtgan davrda boshidan juda koʻp ogʻir kunlarni oʻtkazdi. Uyga qaytishdan qoʻrqib, Turkiya, Ukraina davlatlarida sarson-sargardon kezdi. Oʻzbekistonda oʻziga oʻxshab adashib qolganlarni kechirilayotganini eshitib, qaytish choralarini izlaydi. 2019 yil yanvar oyi boshida internet tarmogʻi orqali Oʻzbekiston Respublikasi DXX rasmiy saytiga kechirim soʻrab murojaat qildi hamda yurtimizga qaytib keldi. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Beshariq tumani sudi tomonidan Ilyos Hakimovning jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Unga jazo tayinlashda qilmishidan chin dildan pushaymonligi, aybiga toʻliq iqrorligi, Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmaganligi, kechirim soʻrab murojaat qilganligi kabi holatlar inobatga olindi. Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 

– Chet ellarda yurgan yillarimda juda koʻp savollar meni qiynardi, – deydi Ilyos Hakimov. – Nega shu yoʻlga kirdim? Bugun tushunib yetdim barchasini. Ular dinni roʻkach qilib, oʻz manfaatlari yoʻlida bizdan foydalanmoqchi boʻldi. Suriyadagi dahshatli urushni boshidan kechirganlar bilan gaplashib, bu niyatimdan qaytdim. Prezidentimizga rahmat. Men kabi adashganlarni kechirib, hayotga, oilasi bagʻriga qaytarmoqda.

Albatta bu kabi adashganlarning soʻzlarini eshitarkansiz, ularning aksariyati islom dini borasida yetarli bilimga ega boʻlmaganligi natijasida diniy ekstremistik oqimga kirib qolganligi ayon boʻladi. 

Shuning uchun bugun mamlakatimizda islom maʼrifatini oʻrganish borasida katta ishlarga olib borilmoqda. Diniy ekstremistik oqim aʼzosi sifatida hisobga olingan shaxslar maxsus roʻyxatdan chiqarilib, sogʻlom va toʻgʻri hayot sari yoʻllanayotgani ham katta imkoniyat boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?