Termizlik tadbirkor bankdan kredit olib, “aqlli bekat”lar qurdi

14:29 30 Avgust 2018 Jamiyat
584 0

Termizlik tadbirkor Alimjon Saparov oʻz shahrida jamoatchilik transporti uchun innovatsion bekatlar qurilishini boshlab berdi. Bu haqida Avtomobil transporti agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Saparov bankdan imtiyozli kredit olib, ikkita smart-bekat barpo etdi. Qurilish ishlari uchun sarflangan mablagʻning yarmini davlat koʻtardi. Ularning soni yaqin kelajakda yana ortadi.

Ishbilarmon kreditini ushbu bekatlardan foydalanish evaziga olingan daromad evaziga qoplamoqchi.

Bekatlarga konditsionerlar, onlayn-tablo, tezkor aloqa paneli, atrof muhit monitoringi sensori, bepul Wi-Fi, videokuzatuv qurilmasi oʻrnatilgan. Shuningdek, u yerda telefonni quvvatlantirish imkoniyati mavjud.

“Har bir bekatda uni yoritish va elektr quvvati bilan taʼminlovchi quyosh panellari mavjud”, - deyiladi xabarda.

Ochiq va yopiq kutish zallarida tezkor xabarlar tablosi oʻrnatilgan boʻlib, kechki paytlarda ularda ijtimoiy va tijoriy reklamalar ham qoʻyiladi. Tasvirlarni nafaqat ichkarida, balki tashqarida turib ham tomosha qilish mumkin.

Tadbirkor yaqin vaqt ichida bunday zamonaviy bekatlar sonini 8 taga yetkazishni rejalashtirgan.

Termiz shahar hokimligi esa yana shu kabi 50 ta obyekt barpo etilishini maʼlum qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?