Termizlik bir guruh oʻquvchilar harbiy poligonga sayohat qilishdi

17:36 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
111 0

Bugun, 29-oktyabr kuni “Harbiy poligonga bir kun” shiori ostida Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi umumtaʼlim maktablarining bir guruh oʻquvchilari “Termiz” dala-oʻquv maydoniga tashrif buyurishdi.

Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning poligondagi kunlik xizmat faoliyati, oʻtkazilayotgan jangovar hamda maʼnaviy va axloqiy-ruhiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini kuzatish, mashqlarda bevosita ishtirok etish uchun kelgan yoshlar dala-oʻquv maydonida koʻtarinki ruhda kutib olindi.

Shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt qoʻrishning naqadar sharafli va masʼuliyatli vazifa ekanligini ular qalbiga singdirish hamda ilk harbiy koʻnikmalarini shakllantirish kabi ezgu maqsadlarni koʻzlagan sayohat davomida oʻquvchilarning kuni sermazmunli oʻtdi.

Ekskursiya mobaynida yoshlar toʻsiqli yoʻlaklardan oʻtish, ruhiy zoʻriqishni yengish xonasida amaliy mashqlarda ishtirok etib, oʻz qobiliyatlari va kuchlarini amalda sinab koʻrishdi.

“Harbiy poligonga bir kun” shiori ostida oʻtgan sayohat oʻquvchi yoshlarda olam-olam taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?