Termizdagi maktabga Q-Box qurilmasi oʻrnatilmoqda. U qanday afzallikka ega?

15:17 21 Dekabr 2018 Jamiyat
481 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Xalq soʻz Online”. Dilmurod Sodiqov. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Surxondaryo viloyatining 100 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablariga Q-Box qurilmasini oʻrnatish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu innovatsion qurilma dastlab Termiz shahridagi 6-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilariga tuhfa etildi.

Q-Box — respublikamizning chekka hududlaridagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchi hamda talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida taʼlim dasturlarini va maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi Wi-Figa ulangandek kirib, oʻzi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, kerakli maʼlumotlarni mazkur tarmoq orqali olish imkoniyati mavjud. Muhimi, mavjud resurslarning barchasi maxsus ishchi guruhning tasdigʻidan oʻtgan, tekshirilgan va milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan xavfsiz ekanligini taʼkidlash lozim. Q-Boxda ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa tillarni oʻrgatuvchi zamonaviy interaktiv kurslar, tarjimonlar, ensiklopediyalar va boshqa kerakli oʻquv dasturlari ham bor.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Shu maʼnoda, Q-Box maktab oʻquvchilarning darslik bilan bogʻliq muammolarini yechishda koʻmak koʻrsatadi. Chunki undan barcha sinflarga oid kitoblarning elektron nusxasi oʻrin olgan. Maʼlumot uchun Internet Q-Box moslamasi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning bosma shaklidagi barcha manbalarini oʻzida jamlay oladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi — EDUBOOK qurilmasi bilan maktablarni jihozlashdir. Personal kompyuterlar narxlarining yuqoriligi, koʻp maktablarda, ayniqsa, qishloq joylarida moddiy-texnika bazasining yetishmasligiga olib kelmoqda. Natijada, bolalarning yuqori texnologiyalar yordamida interaktiv ilm olish jarayoni kechikib, aynan shu sohada rivojlanishda ortda qolmoqdamiz. Arzon va aynan bolalarning ilm olishi uchun moʻljallangan maxsus dasturli EDUBOOK kompyuterlari ushbu muammoni yechishga qaratilgan. Mazkur kompyuterlarda astronomiya, geometriya va chizmachilik, geografiyaga aloqador 3D chizmalar, maxsus labaratoriya ishlari va eng asosiysi, bolalar uchun raqamli kodlash dasturlari oʻrnatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?