Termizda yangraydi qadim dostonlar

10:47 03 Aprel 2019 Jamiyat
264 0

Oʻzbek xalq dostonlari ajdodlarimizning uzoq oʻtmishi, madaniy hayoti va milliy qadriyatlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, ular nomoddiy madaniy meros sifatida yuksak qadrlanmoqda. Baxshichilik sanʼatining serjilo ijro namunalari tinglovchiga katta zavq-shavq bagʻishlashi bilan birga, kishilarni yaxshilikka chorlovchi, maʼrifat tarqatuvchi, yosh avlod qalbida ezgu fazilatlarni uygʻotuvchi maʼnaviy targʻibot manbai vazifasini oʻtab kelayotir.

Xalqimiz “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” kabi mashhur xalq dostonlarini tinglab, ulardan maʼnaviy ozuqa olgan. Ana shu oʻlmas qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalq dostonlarining ­rang-barang namunalarini yurtimiz hamda xalqaro ­miqyosda keng targʻib qilish maqsadida endilikda har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida ­Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ­oʻtkaziladi.

— Toʻy-tomoshalarimiz baxshilarning dostonu termalarisiz oʻtmaydi, — deydi Oʻzbekiston ­Respublikasi xalq baxshisi Shodmon baxshi ­Xoʻjamberdiyev. — Dostonlarda, asosan, xalqimizning orzu-umidlari, maqsad va intilishlari kuylanadi. Mardlik, shijoat, vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat kabi ezgu insoniy fazilatlar ulugʻlanadi. Shu bois turli gʻoyaviy-badiiy yechimga ega ­dostonlar hamisha odamlar qalbidan chuqur oʻrin egallab kelgan. Mazkur festival esa xalq ogʻzaki ijodini ulugʻlash, unisaqlash hamda kelgusi ­avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilarining chiqishlari yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, shuningdek, ishtirokchi davlatlarning soha namoyandalaridan iborat xalqaro hayʼat aʼzolari tomonidan baholanadi. Bunda dostonchilik sanʼati namoyandalarining asl milliy xususiyatlari, kuy, nagʻma va termalarning badiiy-estetik jihatlari, oʻziga xosligi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, kiyinishi, sahna madaniyati, liboslaridagi badiiy bezaklarning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish jihatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Madaniyat vazirligining maʼlum qilishicha, ­Xalqaro sanʼat anjumanida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Serbiya, Turkiya, Bolgariya, Belgiya singari davlatlardan 58 nafar baxshi va doston aytuvchilar oʻz ijodiy chiqishlari bilan qatnashadi.

Aytish kerakki, Xalqaro baxshichilik sanʼati fes­tivali gʻoliblari turli darajadagi diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, “Eng yosh baxshichilik sanʼati ishtirokchisi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu ijrochisi” kabi nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, ular pul mukofoti va maxsus diplom bilan taqdirlanadi.

Ilhom RAHMATOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?