Termizda sodir boʻlgan portlash haqida rasmiy xabar berildi (video)

13:56 09 Aprel 2019 Jamiyat
2777 0

2019 yil 8 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida portlash sodir boʻlgani haqida IIV rasmiy axborot berdi.

IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga koʻra, 8 aprel kuni soat 11:32da Termiz shahridagi ”Doʻstlik” mahallasi Alisher Navoiy koʻchasida joylashgan 10-uyning yertoʻlasida, Termiz tumani “Manguzar” mahallasida yashovchi, shahardagi “Termiz Orzu-omad” xususiy korxonasi rahbari, 1983 yilda tugʻilgan Imomaliyev Begzodga tegishli hojatxona qogʻozi (tualetnaya bumaga) va penoplastdan tayyorlangan tayyor xom ashyo (tyaga) hamda xaltalangan alebaster qurilish mahsuloti saqlanadigan omborxonada gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan.

Natijada yertoʻlaga kirish joyidagi zinapoyadan, shaharning Ibn-Sino koʻchasi 118-uy 1-xonadonda yashagan, 1958 yilda tugʻilgan Abduraxmonov Raxmatulloning va ichki xonasidan Angor tumani “Gulzor” mahallasida yashagan, ushbu xususiy korxonada ishchi boʻlib ishlagan 1962 yilda tugʻilgan Inomaliyev Rajablarning kuygan holdagi jasadlari topilgan.

Voqea joyiga Surxondaryo viloyati prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi rahbar xodimlari chiqishib, holatni tezkor-tergov guruhi ishtirokida batafsil oʻrganishmoqda, deyiladi xabarda.

IIV rasmiy saytining ruscha talqinidagi xabarda biroz boshqacharoq sabablar keltirilgan. Unda qayd etilishicha, portlash Rajab Inomaliyevning elektrni yoqishidan soʻng sodir boʻlgan.

Sud ekspertiza xulosalariga koʻra, vafot etganlar 100 foiz tashqi kuyish va is gazidan oʻtkir zaharlanish natijasida halok boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?