Termizda Respublika baxshichilik sanʼati markazi va Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi

14:23 23 Yanvar 2020 Madaniyat
305 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq Termiz shahrida Respublika baxshichilik sanʼati markazi va uning huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi. Bu baxshichilik sanʼatini saqlash, uni asrab-avaylash va rivojlantirish hamda shu yoʻnalishda iqtidori bor yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

Baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va mustahkamlash;

sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari, “ustoz‒shogird” anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish;

baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari va boshqa taʼlim muassasalari qoshida baxshichilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish; baxshi-shoirlar ijodiga keng yoʻl ochib berish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash;

baxshichilik sanʼatining sara namunalarini toʻplash va fondini yaratish, ularning audio va video variantlarini koʻpaytirish, bu sohani yurtimizda va dunyoda keng targʻib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

baxshichilik sanʼati yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, bu borada oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, jumladan, turli xalqaro anjumanlar va tanlovlar, konsertlar va mahorat darslari tashkil etiladi.

Termiz shahridagi 21-baxshichilik maktabi negizida baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internati tashkil etilib, qoʻshimcha binolar, 150 oʻrinli yotoqxona bunyod etiladi.

Respublika baxshichilik sanʼati markazi toʻgʻridan-toʻgʻri Madaniyat vazirligiga boʻysunadi. Uning huzuridagi jamgʻarma esa davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi. Shuningdek, jamgʻarma mablagʻi hisobidan “Baxshi” jurnali nashr qilinib, har chorakda bir marta oʻzbek, ingliz va rus tillarida chop etiladi.

Yaqin kunlarda yangi markaz qurilishiga ilk tamal toshi qoʻyiladi. Milliy va zamonaviy uygʻunlikni oʻzida mujassam etadigan muhtasham Respublika baxshichilik sanʼati markazi binosini qurib, ishga tushirish uchun 10 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?