Termizda Oʻzbekiston - Afgʻoniston ishchi komissiyasining dastlabki majlisi oʻtkazildi

14:50 06 Noyabr 2019 Jamiyat
143 0

Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida transchegaraviy savdoni rivojlantirish boʻyicha ishchi komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Oʻzbekiston tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, Afgʻoniston tomonidan Balx viloyati hokimi Isxaq Raxguzar oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqida muloqot qilishdi. Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda ikki qoʻshni davlat oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, birodarlik aloqalari yanada mustahkamlanib, savdo - iqtisodiy, transport logistikasi, gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalari tobora rivoj topmoqda. Termiz shahrida Afgʻoniston Islom Respublikasining konsullik idorasi faoliyat yuritayotgani mamlakatlarimiz chegaraoldi mintaqalari oʻrtasidagi ishonchli hamkorlikka yangicha ruh baxsh etayotir.

Aytish joizki, hozirda Surxondaryo viloyatida qoʻshni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 111 xizmat koʻrsatish, 49 qishloq xoʻjaligi va 35 sanoat sohasida qoʻshma hamda xorijiy korxonalar faoliyat yuritayotir.

Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida qoʻshni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratilgan. Bu yerda “Bir darcha” prinsipi asosida hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari hech qanday toʻsiqsiz, tez va sifatli amalga oshirilyapti. Afgʻonistonliklar uchun viza rasmiylashtirish ishlari ancha soddalashtirilgan.

Joriy yilning oʻtgan davrida qoʻshni mamlakatga Surxondaryodan 45 million dollar miqdorida mahsulot eksport qilindi. 2019-2020-yillarda afgʻon tadbirkorlari hamkorligida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida qiymati 46 million dollar boʻlgan 40 loyihani amalga oshirish belgilangan.

Majlisda qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi chegara, savdo, chegaraoldi masalalari muhokama etib, tegishli taklif va tavsiyalar ilgari surdi. Ishchi komissiyaning navbatdagi majlisi kelgusi oyda Afgʻoniston Islom Respublikasining Mozori Sharif shahrida oʻtkaziladi.

Ishchi komissiya majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili Ismatullo Ergashev, Afgʻoniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi bosh konsuli Sangin Skandari ishtirok etdi.

Ilhom Rahmatov, 
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?