Termizda oʻzbek-afgʻon biznes forumi ish boshladi

18:26 23 May 2019 Iqtisodiyot
391 0

Unda qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega boʻlib, milliy urf-odatlarimiz hamda anʼanalarimiz mushtarak.

Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, hamfikrligi va hamkorlikdagi  intilishlari tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda.

Surxondaryo viloyatida afgʻonistonliklar uchun alohida taʼlim markazi tashkil etilgan. Bu yerda oʻzbek tili va adabiyoti, temir yoʻl hamda boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanyapti. Ixtisoslashgan shifoxonada Afgʻoniston fuqarolariga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Termizda Afgʻoniston konsullik idorasining ish boshlashi ikki davlat chegaraoldi mintaqalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Hozirda birgina Surxondaryoda afgʻon sarmoyasi asosida 144 ta korxona turli sohalarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Birgina 2018 yilda Afgʻoniston kapitali asosida umumiy qiymati 7,3 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan boʻlsa, 2019 yil oʻtgan davri mobaynida umumiy qiymati 6,6 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.

2019-2020 yillarda afgʻonistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya ishtirokida umumiy qiymati 30 mln. dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirda bu loyihalarning barchasida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizda eksport masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Afgʻoniston esa Oʻzbekiston uchun yaqin va katta bozor. Oʻzbekistonning rivojlangan sanoati, transport va energetika sohasidagi salohiyati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Afgʻoniston uchun manfaatli.

Mavdud imkoniyatlardan unumli foydalanish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, temir yoʻl, tranzit va boshqa toʻlovlarning tarif narxlari tushirilib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Oʻzbekiston Afgʻoniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xoʻjaligi texnikasi, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida Afgʻonistonga Surxondaryodan jami 17 mln. dollarlik meva-sabzavot, tuxum va boshqa tur mahsulotlar eksport qilindi.

Ayniqsa, “Termiz kargo” eksport markazi Oʻzbekiston va Afgʻoniston ishbilarmonlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda oʻziga xos doʻstlik koʻprigi vazifasini oʻtamoqda. Yangi barpo etilayotgan “Termiz iqtisodiy zonasi” kelgusida Afgʻoniston bilan savdo aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?