Termizda oʻtkazilgan shartli jang real vaziyatdagidek kechdi

15:14 19 Iyun 2019 Jamiyat
252 0

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Termiz dala oʻquv maydonida oʻtkazilgan “Qoʻshinlar maxsus harakatlariga tayyorgarlik koʻrish va olib borish” mavzusidagi koʻrgazmali batalyon taktik oʻquvi shartli jang mashgʻuloti namoyishi bilan yakuniga yetdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu bosqichda noqonuniy qurollangan va mamlakat ichkarisiga tomon harakatlanayotgan shartli jangarilar guruhini bartaraf etish amaliyoti oʻtkazildi.

Artilleriya, aviatsiya, harbiy texnikalar va oʻq otar qurollardan foydalanib, real vaziyatdagidek oʻtkazilgan mashgʻulotni harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Surxondaryo viloyati hokimi hamda viloyatning masʼul shaxslari va boshqa kuch tuzilmalari vakillari kuzatib borishdi.

Mashgʻulot yuzasidan kuzatuvchilarda tushuncha teran hosil boʻlishini koʻzlab, oʻtkazilayotgan jangovar operatsiya bosqichlari mikrofon orqali sharhlab borildi.

Dastlab noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi aniqlangan hudud havodan razvedka qilindi. Maʼlumot tasdiqlangach, artilleriyadan oʻqqa tutildi. Keyin esa harbiy texnikalar vositasida zarbalar berib, navbat bilan piyodalarning amaliyoti oʻtkazildi. Nihoyat, zaxira kuchlar ham yetib kelib, noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi batamom yakson etildi.

Mashgʻulot yakunida natijalar tahlil qilinib, ilgʻorlar munosib ragʻbatlantirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?