Termizda oʻtkazilgan xalqaro kurash musobaqasi gʻoliblari jami 100 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanishdi

10:07 07 Oktyabr 2019 Sport
687 0

Shu yilning 5-6-oktyabr kunlari Termiz shahridagi “Alpomish“ stadionida kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bagʻishlangan XIV xalqaro turnir boʻlib oʻtdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev, Oʻzbekiston milliy kurash federatsiyasi raisi birinchi oʻrinbosari K.Yusupovlar halollik va mardlikni targʻib qiluvchi oʻzbek kurashi butun dunyoda keng ommalashib borayotanini taʼkidlashdi. Bugungi kunda “kurash”, “halol”, “taʼzim”, “toʻxta” va “yonbosh” kabi atamalar xalqaro sport lugʻati tarkibidan mustahkam oʻrin egalladi.

Qayd etilganidek, 1998-yil 6-sentyabrda taʼsis etilgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi hozirda sayyoramizning beshta qitʼasidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan.

2017-yil Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritildi. Oʻzbek kurashini kelgusida Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish boʻyicha amaliy harakatlar olib borilmoqda.

Chunonchi, mamlakatimiz va dunyoda kurashning keng ommalashishida 1993-yildan buyon har ikki yilda oʻtkazilib kelinayotgan al-Hakim at-Termiziy xotira turnirning ham alohida oʻrni bor. Oʻtgan yillar davomida ushbu turnir musobaqalari dunyo polvonlarini bir davrada jamlash bilan birga yosh, umidli polvonlar mahoratini oshirish, ularni yangi marralar sari safarbar etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Yer yuzining 5 qitʼasidan eng nomdor polvonlarni qadimiy va navqiron Termiz shahriga chorlagan turnirda Afrika Kurash konfederatsiyasi prezidenti Tomas Duneyer, Panamerika Kurash konfederatsiyasi prezidenti Janni Kazanova, Osiyo Kurash konfederatsiyasi prezidenti Komiljon Roʻziyev, shuningdek, 19 ta xorijiy davlatning Kurash federatsiyasi prezident va raislari ishtirok etdi.

Mukofot jamgʻarmasi 100 ming dollarni boʻlgan turnirda dunyonig 47 davlatdan kelgan polvonlar gʻoliblik uchun kurashdilar. Anʼanaga koʻra, bellashuvlarni keksa va jajji polvonlar boshlab berdi.

Shundan soʻng, erkaklar 55, 66, 73, 81, 90, +100 kg. vazn toifasida, ayollar esa 48, 57, 70, +78 kg. vazn toifasida oʻzaro bellashdilar. Kurash musobaqasida birinchi oʻrin uchun 3 000 dollar, ikkinchi oʻrin uchun 2 000 dollar, ikkita uchinchi oʻrin uchun 1 000 dollardan, jami 70 000 dollar taqdim etildi.

Mutlaq vaznning final bahsida xorazmlik Boltaboy Boltaboyev raqibi surxondaryolik Muxsin Hisomiddinov magʻlub etib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – oʻn ming dollar pul mukofotini qoʻlga kiritdi. 2- oʻrin sohibi Muhsin Hisomiddinov 5 ming dollar, 3-oʻrinni egallangan tojikistonlik Dadaxon Qurbonaliyev va eronlik Nafari Pahlavoniylarga 3,5 ming dollardan pul mukofoti taqdim etildi. Barcha gʻolib va sovrindorlarga Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi hamda Surxondaryo viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ilhom Rahmatov(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?