Termizda “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

13:49 25 Dekabr 2019 Jamiyat
567 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Termiz shahridagi “Alpomish” kurash majmuasida Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” viloyat tanlovi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismida Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashib, ularning maʼnaviyatini, jangovar shayligini oshirish hamda hududga xos milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgandi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov Janubiy operatsion yoʻnalish boshqaruvi guruhi harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Amir Temur oʻgʻlonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” tanlovni tashkil etish gʻoyasini ilgari surdi.

Bu taklif viloyatdagi jamoat tashkilotlari va harbiylar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, uning nizomi ishlab chiqildi. Tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirish tartiblari belgilab olindi. Ishchi guruhi va sohalar mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati tasdiqlandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, tanlov harbiy xizmatchilarning kitobxonlik va kitob mutolaasi, ot minish mahorati, baxshichilik hamda dostonchilik, tasviriy sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazildi. Unda tadbirning harbiy qism hamda garnizonlar bosqichlarida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar oʻz bilim, mahorat va isteʼdodini keng namoyish etdi. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha eng zukko, bilimdon va chaqqon tinchligimiz qoʻriqchilarining mahorat hamda isteʼdodini tegishli hakamlar hayati munosib baholab bordi.

Tanlovning harbiy qism va garnizonlar harbiy xizmatchilari oʻrtasidagi bahslarida 768 nafar, viloyat bosqichida 64 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

Koʻrik-tanlovda birinchi oʻrinni egallagan harbiy xizmatchilar viloyat hokimi kubogi va oʻn million soʻm pul mablagʻi bilan, ikkinchi oʻrin sohiblari yetti million soʻm, uchinchi oʻrin egallagan harbiylar besh million soʻm pul mukofoti hamda diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan 52 nafar harbiy xizmatchilar ham ragʻbatlantirildi.

Gʻoliblarni taqdirlash marjsimida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik Zaynobiddin Iminov ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?