Termizda Afg‘oniston konsulxonasi ochilishiga O‘zbekiston rozilik berdi

12:19 09 Iyul 2018 Siyosat
653 0
Arxiv foto

Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasi 8 iyul kuni “Arg” saroyida prezident Muhammad Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston rahbariga iliq salom va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, avvalo Afg‘oniston Prezidentining 2017 yil dekabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni tadbiq etish jarayoni muhokama qilindi. Shu o‘rinda yirik qo‘shma investitsiya, transport-kommunikatsiya, savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Termiz shahrida Afg‘oniston konsulxonasini ochishga O‘zbekiston roziligi tasdiqlandi.

Shuningdek, Afg‘oniston va chegaradosh mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

2018 yil mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etgan va batafsil nutq so‘zlagan prezident Muhammad Ashraf G‘ani o‘z mamlakatida tinchlik jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan faol sa’y-harakat uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?