Termizda 50 ta “Aqlli bekat” barpo etiladi

15:29 18 Iyul 2018 Jamiyat
544 0
Foto: Ilhom Rahmatov / “Xalq so‘zi”.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab- quvvatlash yili munosabati bilan Termiz shahar hokimligi tashabbusi bilan innovatsion jamoat transporti bekatlari ishga tushirilmoqda. Mazkur “Aqlli bekat”da jamoat transport harakat jadvali, favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet, video nazorat, USB elektr tarmog‘i, bank to‘lov terminallari, poyabzal tozalash uskunalar hamda qulay o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Quyosh panellari esa bekatni avtonom elektr energiyasi bilan muntazam ta’minlashga, uchta bo‘linmaga ega chiqindi qutichalari atrof-muhit ozodaligi va yo‘lovchilar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga xizmat qilayotir.

Mavsumiy iqlim o‘zgarishlari inobatga olingan holda, ochiq va yopiq kutish zallarida tezkor ma’lumotlar olish uchun maxsus tablolar ham joylashtirilgan bo‘lib, innovatsion oynalar kechki vaqtda katta ekran vazifasini ham o‘taydi. Unda namoyish etiladigan ijtimoiy va tijorat reklama roliklarini nafaqat tashqaridan, balki, ichkaridan ham kuzatish mumkin.

Viloyatdagi muxbirimiz Ilhom Rahmatovning bizga ma’lum qilishicha, Termiz shahrida 50 ta ana shunday “Aqlli bekat” qurish rejalashtirilgan. Hozirga qadar ulardan ikkitasi foydalanishga topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?