Termiz shahriga Xitoydan zamonaviy avtobuslar olib kelinadi

16:27 06 Avgust 2019 Jamiyat
258 0

Aholiga transport xizmati koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun Termiz shahriga Xitoydan zamonaviy avtobuslar olib kelinadi. Ayni maqsadda Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Alisher Amirov, Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev va boshqa masʼullar Xitoy Xalq Respublikasining Szyansu provinsiyasiga tashrif buyurishdi.

Delegatsiya vakillari Yanchjou shahrida maxsus texnikalar, shahar va shaharlararo avtobuslarni ishlab chiqaruvchi “Asiastar” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Oʻzaro muzokaralar yakunida kompaniyada ishlab chiqarilgan avtobus va mikroavtobuslarni sotib olish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Aytish joizki, “Asiastar” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar ichki va tashqi bozorda juda xaridorgir. Ushbu avtotransport vositalarida yoʻlovchilar uchun maksimal darajada qulayliklar yaratilgan. Jumladan, yumshoq oʻrindiqlar, sovitgich vositalari, salondagi iqlim nazorati, mukammal xavfsizlik tizimlari shular jumlasidan.

Xitoydan olib kelinadigan bu zamonaviy avtobuslar Termiz shahrida transport xizmati koʻrsatish yanada yaxshilash imkoniyatini yaratadi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?