Termiz shahrida ichki ishlar idoralari xodimlari uchun barpo etilgan koʻp qavatli uylar oʻz egalariga topshirildi

11:53 03 Noyabr 2019 Jamiyat
207 0

Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Termiz shahrida ichki ishlar xodimlari uchun yangidan bunyod etilgan 60 xonadondan iborat 2 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Termiz shahrida ichki ishlar idoralari xodimlari uchun barpo etilgan koʻp qavatli uylar oʻz egalariga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Abduvohid Ismoilov, tizim xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Eʼtiborlisi, mazkur uy-joylar 7 foizlik kredit asosida 15 yil muddatga berilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati rahbari, kapitan Farhod Toshboyev. – Shuningdek, dastlabki badal mablagʻi uchun vazirlik tomonidan uzoq muddatli foizsiz qarz berilgani va boshqa imtiyozlar ham xodimlarga yengillik yaratdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi “Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyati ichki ishlar idoralarida xizmat qilayotgan xodimlardan 60 nafariga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti hisobidan uy-joy berildi. Har biri 3 xonali, jami 60 xonadondan iborat 5 qavatli 2 ta uy oʻz sohiblariga topshirildi.

– Bugun quvonchimiz cheksiz, oilamiz bilan yangi xonadonga koʻchib oʻtdik, – deydi viloyat IIB YHXB katta inspektori, kapitan Farhod Mahmudov. – Uyimizdan, oilamizdan koʻnglimiz toʻq, xotirjam boʻlsak, ishimizda ham unum va samara boʻlishi shubhasiz.

Viloyat markazidagi uy-joylarni Termiz shahridagi “Jalol-Omad-Termiz” va Termiz tumanidagi “Uchqizil-Binokor-Fayz” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari bunyod etishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?