Termiz arxeologiya muzeyida “Surxon vohasi – baxshilar diyori”nomli koʻrgazma ochildi

17:56 28 Mart 2019 Jamiyat
363 0

Shu yilning 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oldidan Termiz arxeologiya muzeyida “Surxon vohasi – baxshilar diyori”nomli koʻrgazma ochildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga binoan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali har ikki yilda bir marotaba Termiz shahrida oʻtkazilishi belgilangan. Ayni paytda festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori darajada oʻtkazish ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

“Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning ogʻzaki ijodi - folklor sanʼatida, doston va eposlarida mujassam topgan boʻlib, ular millatning oʻzligini anglash, uning oʻziga xos milliy qadriyatlari va anʼanalarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblandi”, deya taʼkidlandi Prezident qarorida.

Festivalning aynan Surxon diyorida oʻtkazilishi bejizga emas. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Surxon zaminida bundan 3,5-4 ming yil avval ilk shaharsozlik, hunarmadchilik va sugʻorma dehqonchilik qatorida amaliy sanʼat va madaniy hayot keng rivojlangan. Jumladan, xalq ogʻzaki ijodi namunalari – folklor etnografiyasi, epos va dostonlarda mahalliy aholining uzoq oʻtmishi, madaniyati va milliy qadriyat va anʼanalari oʻz ifodasini topgan. Ana shu noyob madaniy merosni asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish va keng targʻib qilish ishlari izchillik asosida davom ettirilmoqda. Darvoqe, 1999yil Termiz shahrida “Alpomish” dostonining 1000 yilligi YUNЕSKO shafeʼligi ostida xalqaro miqyosda keng nishonlangandi.

- Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali munosabati bilan ish boshlagan mazkur koʻrgazma Sherobod-Surxon baxshilik maktabi, uning rivojlanish yoʻli, shu zamindan yetishib chiqqan xalq baxshilari hayoti va ijodini keng targʻib qilishni koʻzlaydi, -deydi Termizdagi baxshichilik maktabi rahbari, Oʻzbekiston xalq baxshisi Shoberdi baxshi Boltayev. – Bundan 20-30 yil avval vohamizdagi baxshilar soni barmoq bilan sanarli va bu sanʼat turiga hukumat darajasida deyarli eʼtibor yoʻq edi. Bugun esa shundan quvonamanki, hozirda viloyatimizning oʻzida 200 nafarga yaqin baxshilar faoliyat olib borishyapti. Ayniqsa, yoshlarning ushbu sanʼat turiga qiziqishi katta. Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining oʻtkazilishi biz, baxshilarni dunyo sahnasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Koʻrgazmadan surxondaryolik oʻnlab xalq baxshilari hayoti va ularning ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi koʻrgazmalar oʻrin olgan. Shu bilan birga Surxondaryo tarixi, etnografiyasi, folklor va xalq amaliy sanʼati haqidagi chop etilgan kitob va fotoalbomlar ham namoyish etilmoqda.

- Baxshichilik sanʼati oʻzining boy anʼanalari va uzoq tarixiga ega, -deydi Oʻzbekiston xalq baxshisi Xushboq Mardonaqul oʻgʻli. – Har kim ham qoʻlda doʻmbira olib, milliy libos kiygani bilan baxshi boʻlib qolmaydi. Baxshichilik yuksak iqtidor, ijodiy salohiyat va aqliy qobiliyatni talab etadi. Men oʻzim qirqdan ziyod dostonlarni, yuzga yaqin anʼanaviy termalarni bilaman. Ularni yosh avlodga yetkazishga astoydil harakat qilib kelmoqdaman. Muhimi, umidli yosh baxshilarimiz koʻp. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazishga doir qarori meni nihoyatda ruhlantirdi. Bunday yuksak eʼtibor kelgusida xalq baxshilarining yangi avlodi yetishib chiqishi uchun zamin yaratadi.

“Surxon vohasi – baxshilar diyori”nomli koʻrgazma joriy yilning 15 apreliga qadar oʻz ishini davom ettiradi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?