Termitlarga qarshi 100 mln. soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirildi. Ammo...

12:21 06 Iyul 2020 Siyosat
206 0

Hududlarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullarda aholi tomonidan eng dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan birida Konimex tumanidagi “Zafarobod” qoʻrgʻoni va “Koʻkcha” hududlarda yashovchi fuqarolar bilan uchrashuvda aholi xonadonlari va ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarda termit bilan zararlanish holatlari koʻpayganligi, termitlar daraxtlar, oʻsimliklarga zarar yetkazayotganligidan shikoyat tushgan edi. Shu bois mutasaddi tashkilotlarga senator soʻrovi yuborildi.

Termitlar – chumoliga oʻxshash mayda, yashirin hayot kechiruvchi, koʻzga koʻrinmas, zararkunanda hasharotlar yogʻoch materiallar, kitob va qogʻozlarning kushandasi boʻlib, dunyo iqtisodiyotiga har yili katta zarar yetkazadi. Termitlar har qanday uy yoki qurilmani yaroqsiz holatga keltirishga, vayronaga aylantirib qoʻyishga qodir.

Mazkur muammoni oʻrganish maqsadida maxsus komissiya tuzilib, ular tomonidan holat toʻliq oʻrganib chiqildi. Oʻrganish jarayonida bir nechta uy-joylar hamda 4 ta ijtimoiy soha obyektida, qolaversa, 2,5 gektar dala va ekin maydonlarida termitdan zararlanish holatlari aniqlandi. Ushbu hududlarda kimyoviy ishlov berish hamda termitdan zararlanishining oldini olish boʻyicha viloyat hokimligi tomonidan mahalliy byudjetning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 million soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirildi. Shu bilan birga, viloyat Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlariga hududlarni termitdan zararlanishining oldini olish hamda doimiy kimyoviy moddalar bilan dezinfeksiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Ammo bu muammo hal etildi, degani emas. Shu jihatdan kelgusida maqsadli ajratilgan mablagʻlar ijrosi, uning samaradorligi muntazam oʻrganib boriladi va nazorat qilinadi. Zotan, aholi talab-istaklari biz uchun doimo ustuvor sanalgan.

Ulugʻbek FAYZIYEV, 
Oliy Majlis Senati aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?