Terimchilar mazmunli hordiq chiqarishdi

16:29 08 Oktyabr 2018 Jamiyat
981 0
Foto: “Xalq soʻzi ONLINE“.

“Xalq soʻzi ONLINE“. Rahmatilla Sheraliyev. Bugun yurtimizda paxta yigʻim-terim mavsumi uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. Ayniqsa, terim pullari uchun yaxshi haq toʻlanayotganligi va tashkiliy masalalarning yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi, yurtdoshlarimizni ixtiyoriy ravishda terimga chiqib, oilasiga iqtisodiy daromad olishga undamoqda. Shanba, yakshanba kunlari turli vazirlik, idora va muassasalar xodimlari ham ishdan boʻsh vaqtda paxta terimiga chiqib, terimda ishtirok etishmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi jamoasi ham Toshkent viloyati hududidagi dalalarga paxta terish uchun chiqishdi.

Maqsad — zahmatkash bobodehqonlarimiz yil davomida mashaqqat bilan yetishtirgan hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish va yurtimizning ulkan xirmoniga oz boʻlsa-da hissa qoʻshish. Markaz tomonidan butun mamlakat boʻylab terimchilarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham alohida reja asosida yuqori surʼatda tashkil etilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi ONLINE“.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari A. Qodirov va markazning Toshkent viloyati boʻlimi xodimlari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani paxta dalasida oq oltinimiz, milliy boyligimiz boʻlmish paxta hosili yigʻim-terimida munosib ishtirok etdilar.

Bobodehqon yetishtirgan paxta hosilini nest-nobud qilmay, yurtimiz iqtisodiga munosib hissa qoʻshayotgan ilgʻor terimchilar uchun alohida madaniy tadbir ham uyushtirildi. Unda yangragan shoʻx kuy-qoʻshiqlar, bildirilgan samimiy dil soʻzlari, jozibali raqslar ishtirokchilar kayfiyatini koʻtardi, ularning mazmunli dam olishiga zamin yaratdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?