“Temurbeklar maktabi”ning bitiruvchilari oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi 

17:56 06 May 2019 Siyosat
2441 0

Prezident Fargʻona shahridagi “Temurbeklar maktabi”ni borib koʻrdi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini mustahkamlash jarayonida yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy taʼlim muassasalari oʻzlikni anglash, milliy gʻurur, mustahkam iroda maktabiga aylandi. Yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval “Oʻzbekiston tarixi” fani va “Temur tuzuklari” kitobi boʻyicha sinov oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Prezidentimizning 2017 yili qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonida bu borada yana bir muhim band belgilandi. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga oʻrnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” deb nom berildi.

Chunki har bir yigit-qiz, ayniqsa, harbiylik kasbini tanlagan yoshlar jonajon Vatanimiz tarixini, xalq qahramonlari, buyuk sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan faxrlanishi kerak. Bu insonda milliy gʻururni, vatanparvarlik, fidoyilik hissini tarbiyalaydi.

Fargʻonadagi “Temurbeklar maktabi”da taʼlim-tarbiya ishlari shu asosda yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda bu yerda 437 oʻquvchi tahsil olmoqda. Ularga 31 nafar pedagog xodim va 22 nafar harbiy saboq bermoqda.

Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa oʻquv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. Shinam fan sinflari, kompyuter xonalari, kasbiy va tarixiy adabiyotlarga boy kutubxonada buning uchun barcha sharoit yaratilgan.

Oʻquvchilar darsdan boʻsh vaqtini foydali oʻtkazishi uchun turli fan va sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari hozirda harbiy litseylarning nomi oʻzgargani, endi uning mazmun-mohiyati, taʼlim sifati ham Temur bobomizga munosib boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

- “Temurbeklar maktabi” yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan boʻlishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori boʻlishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz “Temurbeklar maktabi”ni rivojlantirish boʻyicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga koʻra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, oʻquvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta oʻrganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida yetakchi boʻlib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari “Temurbeklar maktabi”da yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan muloqot boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz ularni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

“Temurbeklar maktabi”ga avtobus sovgʻa qilindi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?