“Temurbeklar maktabi”ga kirish imtihonlari qachon oʻtkazilishi maʼlum boʻldi

14:46 12 Sentyabr 2020 Jamiyat
898 0

16-sentyabr kuni Mudofaa vazirligiga qarashli “Temurbeklar maktabi”ga kirish imtihonlari boʻlib oʻtadi. Bu haqda vazirlikning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Boʻlib oʻtadigan test imtihonlarini shaffofligini taʼminlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilingan holda barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, joriy yilgi imtihonlar koronavirus pandemiyasi sabab abituriyentlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida stadion va sport majmualarida oʻtkazilishi belgilangan. Xususan, “Temurbeklar maktabi”ga kirish imtihonlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan boʻlgan abituriyentlar uchun poytaxtimizdagi “Ashxobod sayilgohi”da oʻtkaziladi.

Imtihonlar ikki smenada — soat 08:00 va 16:00 da boʻlib oʻtadi.

Bundan tashqari, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar har bir nomzodning oʻz viloyatida oʻtkaziladi. Quyida “Temurbeklar maktabi” uchun har bir viloyatida oʻtkaziladigan imtihon manzillari keltirilgan:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi — “Turon” markaziy stadionida;
  • Andijon — Sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi asosiy stadioni 1A-bino;
  • Namangan — “Navbahor-umid” stadioni;
  • Fargʻona — Fargʻona davlat universiteti stadioni;
  • Buxoro — “Buxoro” sport majmuasi stadioni;
  • Xorazm — “Xorazm” sport majmuasi;
  • Surxondaryo — Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati futbol maydoni;
  • Qashqadaryo — “Nasaf” futbol klubi mashgʻulotlar maydoni;
  • Jizzax — “Soʻgʻdiyona” markaziy oʻyingohi futbol maydoni;
  • Navoiy — “Kimyogar” oʻyingohi;
  • Sirdaryo — Guliston shahri markaziy oʻyingohi;
  • Samarqand — “Lokomotiv” futbol stadioni hamda “Nurafshon” futbol stadionida oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi.

Unga koʻra, harbiy-akademik litseylarda oʻqish davomiyligi ikki yil boʻlib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlarida toʻplagan ballarining 30 foizi, respublikaning boshqa oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishda esa 15 foizi miqdorida qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyozga ega boʻladi.

“Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida ushbu maktab boʻlgan vazirlik va idoralarning tegishliligi boʻyicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli oʻtash natijalari boʻyicha kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?