“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi aniqlandi

19:00 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
228 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, Amir Temurning shoh asari boʻlgan “Temur tuzuklari” kitobini sinchkovlik bilan oʻqigan va uqqan 14 nafar yosh harbiy xizmatchi oʻzaro bellashdi. Mazkur bosqichda qatnashchilar “Amir Temur va bugungi zamon”, “Amir Temurning harbiy saboqlari” hamda “Amir Temur oʻgitlari bilimdoni” kabi shartlarda qizgʻin bahs olib bordi.

—Ushbu tanlov Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Davlat bojxona qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi, – deydi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Qandil Boboqulov. —14 nafar ishtirokchining 6 nafari Mudofaa vazirligi tizimidan, 3 nafari Ichki ishlar vazirligi tizimidan, 1 nafari Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan, 2 nafari Milliy gvardiya tizimidan, 1 nafari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlaridan va yana 1 nafari Davlat bojxona qoʻmitasi tizimining vakillaridir.

Natijalarga koʻra “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida mutlaq gʻoliblikni Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti Lochinbek Hamroqulov qoʻlga kiritdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Jizzax viloyat Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi xodimi katta leytenant Farruxjon Abduraxmonov 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, 3-oʻringa Toshkent viloyatidan Milliy gvardiyaga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchisi oddiy askar Sodiq Otaboyev sazovor boʻldi. Tanlovda har bir ishtirokchi sohibqiron Amir Temur oʻgitlarini puxta oʻzlashtirganligi, harbiy saboqlarini chuqur anglaganligini berilgan javoblar orqali koʻrsatishdi.

Gʻoliblar va sovrindorlar diplom, sertifikat hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

—288 ta harbiy qism va muassasaning 25 ming nafardan ortiq yosh harbiy xizmatchilari orasida respublika bosqichigacha yetib kelib, birinchilikni egallash men uchun katta sharaf. “Temur tuzuklari bilimdoni” degan eʼtirofga sazovor boʻlish nafaqat quvonch, faxr bagʻishlaydi. Bu oʻz navbatida kasbimga boʻlgan masʼuliyatimni ham yanada oshiradi, — deydi Lochinbek Hamroqulov. —Ushbu tanlov yosh harbiylar uchun kitob oʻqishga katta motivatsiya berdi. “Temur tuzuklari”dagi saboqlarni uqqan har bir yosh sohibqiron oʻgitlarini oʻzi uchun dasturi amal qilib oladi.

Shaxnoza Nurullayeva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?