“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining gʻolib va sovrindorlari aniqlandi

11:43 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
63 0

Kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qism va muassasalaridagi yosh xodimlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining respublika bosqichida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi xizmati xodimi faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Millliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va Davlat bojxona qoʻmitasining 2019-yil 15-iyul kunidagi qoʻshma qarori asosida joriy yilning iyul-avgust oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Markaziy apparati, Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar va Yongʻin xavfsizligi boshqarmalari, shuningdek uning quyi tizimlaridagi yosh xodimlar oʻrtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining saralash va hududiy bosqichlari oʻtkazildi.

Mazkur tanlovning respublika bosqichi esa joriy yilning 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi press-klubida tashkil etilib, unda tanlovning hududiy bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 nafar yosh harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashdilar.

Tanlovning yakuniy bosqichida “Amir Temur va hozirgi zamon”, “Amir Temurning harbiy saboqlari” hamda “Amir Temur oʻgitlari bilimdoni” shartlari yuzasidan hakamlar tomonidan taqdim etilgan savollar boʻyicha ishtirokchilar oʻzlarining egallagan bilimlari asosida sinovdan oʻtkazildi.

Tanlov natijalariga koʻra, Jizzax viloyati hududiy bosqich gʻolibi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi Jizzax viloyati Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati katta inspektori katta leytenant Farrux Abduraxmanov faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Respublikamiz miqyosida ilk marotaba oʻtkazilgan mazkur tanlov har tomonlama qiziqarli va bahs-munozalarga boy tarzda oʻtdi. Bu kabi tanlovlarning oʻtkazilishi yosh xodimlarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqish va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, milliy merosimizning tarixiy ildizlarini oʻrganish hamda tahlil qilish, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini oʻrnak qilish orqali yoshlarda vatanparvarlik ruhini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?