Temiryoʻlchilar arxeologlarga tarixiy obidalarga shikast yetkazmaydigan texnikalarni topshirdi

16:03 27 Avgust 2019 Jamiyat
59 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning fevral oyida Namangan viloyatiga qilgan tashrifida Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan. Tashrif davomida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Y.Gʻulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutini maxsus texnika va avtomobil bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berilgan edi.

Kuni kecha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli “UzXCMG ” MCHJ Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilgan qazish ishlari uchun qulay, mini-ekskavator va 2 ta “Damas” rusumli avtomobili institut xodimlariga topshirildi. Tadbirda instituti professorlari, yosh temiryoʻlchilar, OAV xodimlari ishtirok etishdi. ,Bu haqda jamiyatning Axborot-tahliliy media markazi xabar berdi

– Ushbu mini-kskavator arxeologik qazishma ishlari uchun judayam qulay hisoblanadi, – deydi tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyev. – Chunki, tarixiy obidalarda ogʻir texnikalarning harakatlanishi unga shikast yetkazishi mumkin. Shu bois toʻliq ogʻirligi 1,2 tonna boʻlgan moʻjazgina ekskavatorni tanladik. Maxsus texnikadan Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasidagi qazishmalardan unumli foydalanamiz. Taqdim etilgan avtomobillar 
ham yangi tarixiy obidalarni izlab topish va ilmiy izlanish yoʻlida biz uchun munosib tuhfa boʻldi.

Maʼlumot uchun: Axsikent – Fargʻona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Shahar eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan boʻlib, 1621-yilgi zilzilada vayronaga aylangan. Ushbu shahar qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti, siyosiy, madaniy, iqtisodiy markazi hamda Buyuk ipak yoʻlining asosiy kentlaridan biri boʻlgan.

Majmua maydonining 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan. Yer osti suv inshootining mavjudligi va shahar mudofaa uchun qulay geografik hududda joylashgani Axsikent shaharsozligidagi oʻziga xos jihatlar hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?