Temir yoʻlchilar Toshkentda nega jam boʻlishdi?

15:45 04 Iyun 2019 Jamiyat
408 0

Toshkent shahrida Temir yoʻl hamkorlik tashkiloti vazirlar kengashining 47- sessiyasi oʻz ishini boshladi. Unda mazkur tashkilotga aʼzo — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston, Slovakiya, Ruminiya, Rossiya, Estoniya, Chexiya, Ukraina, Polsha, Moʻgʻuliston, Moldova, Litva, Latviya, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Belarus, Bolgariya, Vengriya, Vyetnam, Gruziya,Eron, Xitoy, Janubiy Koreya kabi 27 davlatning transport vazirlari hamda temir yoʻl rahbarlari qatorida Xalqaro temir yoʻl tashish hukumatlararo tashkiloti, Xalqaro transport federatsiyasi, Xalqaro temir yoʻl transporti qoʻmitasi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasining ichki transport qoʻmitasi kabi bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.

Maʼlumot uchun aytib oʻtish joizki, Temir yoʻl hamkorlik tashkilotiga 1956-yilda asos solingan boʻlib, unga dunyoning 29 davlati aʼzo. Tashkilotning dastlabki sessiyasi 1956-yil Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida tashkil etilgan boʻlsa, oʻtgan yili unga Qirgʻiziston mezbonlik qilgan edi.

Yurtimizda uch kun davom etadigan galdagi sessiyada tashkilotning 2018-yilgi faoliyati, tashkilot komissiyasining transport siyosati va rivojlanish strategiyasi boʻyicha olib borilgan ishlar xususida maʼlumotlar taqdim etilishi barobarida, davlatlararo tashuvlarning hozirgi holati, hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, yangi tranzit yoʻlaklarni joriy etish, tarif siyosati yoʻnalishlarida muzokaralar olib boriladi. 2020-yilga belgilangan loyihalar rejasi ham ishlab chiqiladi.

Qayd etish kerakki, mamlakatimiz temir yoʻli Osiyoni Yevropa bilan bogʻlashda muhim strategik yoʻlak hisoblanadi. Oʻzbekiston temir yoʻllarining maʼmuriyati tashqi iqtisodiy aloqalarni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Xitoy, Yaponiya, MDH va Yevropa davlatlari bilan aloqalar muntazamlik kasb etgan.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston temir yoʻllarning umumiy uzunligi qariyb 7000 kilometrdan ziyodni tashkil etadi. 2700 kilometrdan ortiq temir yoʻllarimiz esa toʻliq elektrlashtirilgan. Bundan tashqari, soʻnggi yillarda 21 ta yangi vokzal qurib foydalanishga topshirilgani, 11 tasi esa jahon standartlariga mos ravishda tubdan taʼmirlangani diqqatga sazovor.Mamlakat yagona temir yoʻl tizimini barpo etish, yoʻlovchi va yuk tashish hajmini oshirishga qaratilgan “Navoiy – Uchquduq – Sultonuvaystogʻ – Nukus”, “Toshguzar – Boysun – Qumqoʻrgʻon”, “Angren – Pop”, “Buxoro – Miskin” kabi koʻplab yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi. Bular esa xalqaro aloqalarni rivojlantirishda ayni muddaodir.

— Bugungi sessiyada ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz, — deydi Koreya temir yoʻl korporatsiyasi bosh direktori Von Xe Il. — Janubiy Koreya ushbu tashkilotga aʼzo boʻlgan eng yosh davlatlardan biri hisoblanadi. Shu maʼnoda, anjumanda temir yoʻl tizimini yanada rivojlantirish istiqbollari, xalqaro tashuvlar hajmini koʻpaytirish, yangi tranzit yoʻlaklarini belgilab olish, qoʻshma yirik loyihalarni roʻyobga chiqarish yuzasidan muzokaralar oʻtkazilayotgani biz uchun juda muhim.

Aytib oʻtishimi kerakki, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstona aloqalar temir yoʻl tizimi uchun yangi sahifa ochmoqda. Shu bois “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda koʻplab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Anjuman doirasida Temir yoʻl hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning transport vazirlari hamda temir yoʻl rahbarlarining rasmiy uchrashuvlari ham boʻlib oʻtadi.

Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?