Temir yoʻl delegatsiyasi Moskvada oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

10:10 10 Sentyabr 2019 Jamiyat
74 0

Moskva shahrida “Universitetskaya kniga-2019“ xalqaro yarmarkasida ishtirok etgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari“ aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi.

Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti va N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rahbarlarining muloqotida 2016-yil 26-aprelda imzolangan memorandum yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi. Muloqotda oʻquv jarayoniga yuqori malakali olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish masalalari ham oʻrin oldi.

Tashrif davomida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqarmasi boshligʻi Muxsinjon Mamasidiqov va Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti rektori Maʼrufjon Rasulov universitetda tahsil olayotgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ talabalari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz transport tizimidagi islohotlar haqida soʻz bordi. Institut rektori Maʼrufjon Rasulov innovatsion loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy kadrlarning roli katta ekanligini, ayniqsa, konchilik va rangli metallurgiya sohalarida mutaxassislarga talab yuqori ekanligi qayd etdi. Ular oʻz sohalarida yetuk kadr boʻlib yetishishlariga ishonch bildirildi.

Uchrashuvdan maqsad, talabalarning muammolarini oʻrganish, Moskvada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarni birlashtirish va oʻqishga yangi kelganlarga yordam koʻrsatish, oʻz navbatida ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy va madaniy aloqalar rivojiga hissa qoʻshish ekanligi qayd etildi. Rektor talabalarning yashash tarzi, oʻqish jarayoni, taklif va mulohazalari bilan qiziqdi.

Tashrif davomida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasiga Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rektori Anatoliy Aleksandrov hamrohlik qildi.

Maʼlumot uchun: 2016-yil 26-aprelda imzolangan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish bitimiga muvofiq ayni vaqtda Toshkent temir yoʻl muhandislari institutining 76 nafar talabasi N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetida tahsil olmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?