Telekanallar va saytlar tomonidan filmlarni qonunga zid ravishda havola etish holatlari kuzatilmoqda

14:24 21 Noyabr 2019 Jamiyat
571 0

Illyustrativ foto

Bu “Oʻzbekkino” milliy agentligi huzuridagi badiiy kengash va Oʻzbekiston Kinoarboblari uyushmasining davlat va nodavlat telekanallari, internet ijtimoiy tarmoqlaridagi saytlar va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlariga qilgan murojaati da taʼkidlab oʻtilgan.

Unda qayd etilishicha, bugungi kunda davlat buyurtmasi va xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarni amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etish hamda Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi saytlarga qoʻyish holatlari kuzatilmoqda.

"Shu bilan birga, davlat buyurtmasiga binoan hamda xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan bir qator filmlar namoyish etilishidan avval “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va film mualliflari bilan kelishilmagan holda ayrim epizodlarni kesib tashlanayotganligining guvohi boʻlib turibmiz. Bu, albatta, tomoshabin eʼtiboriga havola etilayotgan filmlarimizning badiiy saviyasi tushib ketishiga xizmat qilayotgani shubhasiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ-3880 – son qarorida “Mualliflik huquqi obyektlarini, shu jumladan, kino mahsulotlarini noqonuniy tarqatilishini aniqlash va oldini olish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, oʻgʻrincha koʻchirib olishga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanishiga va mamlakatning kinokompaniyalari hamda kinoteatrlariga sezilarli zarar yetkazilishiga olib kelmoqda”, - deyilgan. Darhaqiqat, intellektual mulk obyekti boʻlgan xorijiy kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishi bilan bogʻliq boʻlgan jinoiy harakatlarning oldini olish boʻyicha ham huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tezkor harakatlar zarur boʻlmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va Oʻzbekiston kinoarboblari uyushmasi davlat va nodavlat telekanallari, Internet ijtimoiy tarmogʻidagi saytlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlaridan bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa amaldagi qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etgan holda oʻz faoliyatlarini tashkil etishlarini soʻraydi", - deyiladi murojaatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?