Telegramʼdagi pul tikib oʻynaladigan oʻyinlar qimor hisoblanadimi? – Musulmonlar idorasi munosabati

13:13 26 Noyabr 2019 Lifestyle
217 0

Hozirgi kunda baʼzi Telegram kanallarida ayrim kishilar sport oʻyinlari, masalan, futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning jamoasi yutsa, oʻsha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni olishi bilan bogʻliq oʻyinlar eʼlon qilinmoqda. Bu kabi narsalar qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda gʻolib magʻlubdan biror narsa oladigan har bir oʻyinga qimor deyiladi, deb munosabat bildirdi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi.

Unda islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilishi qayd etib oʻtilgan.

“Alloh taolo Qurʼoni Karimning Baqara surasi, 219-oyatida qimorni qattiq qoralab, shunday marhamat qilgan:

“Sendan xamr va qimor haqida soʻrarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir”, deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni soʻrarlar. Sen:“Ortiqchasini”, deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga Oʻz oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki tafakkur qilsangiz”.

(Oyatdagi “xamr” soʻzini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki “xamr” soʻzi umumiy boʻlib, isteʼmol qilgan kishining aqlini toʻsuvchi, yaʼni, bir oz boʻlsa-da taʼsir oʻtkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga nasha, qoradori, koʻknori va boshqalar ham kiradi.Dunyoda adolat oʻrnatish, yer yuzida Allohning xalifasi boʻlish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxoʻr yoki qimorboz va molini nooʻrin sarflaydigan boʻlishi mumkinmi? Albatta, yoʻq. Holbuki, xamr ichish, qimor oʻynash va nooʻrin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar.)

Alloh taolo ushbu oyatda xamr ichish va qimor oʻynashni “katta gunoh” degan.

Alloh taolo Moida surasining 90-oyatida shunday marhamat qilgan:

“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) choʻplar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda boʻling. Shoyadki, najot topsangiz”

Olamlar Robbi bu oyatda qimorni “ifloslik va shaytonning ishi” deb marhamat qilgan. Aynan shu oyatda xamr ichish va qimor oʻynash kabi amaliy gunohlarni butga choʻqinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan maʼnaviy jinoyatlarga tenglashtirgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim oʻz sohibiga “Kel, sen bilan qimor oʻynayman”, desa, sadaqa qilsin”, - dedilar”.

Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali oʻynamagan boʻlsa ham, oʻynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor boʻlib qolar ekan. Shu bois uning kafforotiga oʻynamoqchi boʻlgan pulini sadaqa qilib yuborish kerak ekan.

Dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yoʻli bilan uning mulkiga ega boʻlib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yoʻl bilan pul topishdir.

Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi koʻrmaydi. Oʻrtada adovat, nafrat, janjal paydo boʻladi. Yutqazgan taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pullarini qaytarib olishga, buning uchun hatto oʻsha yutgan kimsani oʻldirishgacha borib yetadi. Xullas, qimor sababli insonlar oʻrtasida dushmanlik, bir-birini yomon koʻrish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning oʻziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zararlari nechogʻli ayanchli ekanini koʻrsatadi.

Odamlarda mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topishga boʻlgan istak ularni mana shunday jirkanch ish — qimor oʻynashga, qimorga yoʻnaltirilgan kanallarga aʼzo boʻlishga undaydi.

Qimor oʻynovchi kimsa borib-borib hamma narsasidan judo boʻladi. Oilasining parokanda, farzandlarning uysiz qolishiga, ularning luqmasi buzilishiga sabab boʻladi.

Kimda kim qimor oʻynab, pul yutib olgan boʻlsa, oʻsha yutgan pulni darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Agar egasi oʻlib qolgan boʻlsa, uning merosxoʻrlariga beradi. Bordiyu merosxoʻrlarni ham topa olmasa, egasining nomidan birorta faqirga beradi” deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?