Texnikumlarni tugatgan shaxslar OTMga imtihonlarsiz kiradi

11:27 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
269 0

Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni (PF-5812, 06.09.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Farmonga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tashkil etilib, mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari roʻyxatlari tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Farmonga koʻra jami 388 ta kasb-hunar kollejlari binolari tegishli roʻyxatga asosan maktab sifatida foydalanilishi belgilandi.

Boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etiladi.

Bunda:

a) kasb-hunar maktablarida:

maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik kunduzgi taʼlim beriladi;

taʼlim olayotgan oʻquvchilar Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanadi.

b) kollejlarda:

kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi.

v) texnikumlarda:

umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim beriladi;

texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?