Texnikum va kollejlarda oʻquv jarayoni qachondan boshlanadi? — dolzarb savollarga aniq javoblar

17:56 19 Noyabr 2020 Jamiyat
358 0

AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda oliy va oʻrta-maxsus taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev muhim savollarga javob qaytardi.

Savol: Texnikum va kollejlarda oʻquv jarayoni qachondan boshlanadi?

Javob: Oʻquv jarayonini boshlash uchun birinchi navbatda saralash imtihonlarini oʻtkazish va natijalarni eʼlon qilish kerak boʻladi.

Natijalar eʼlon qilingandan soʻng oʻquvchilar oʻrtasida oʻquv yilini boshlash va taʼlim jarayonini anʼanaviy yoki masofaviy tashkil etish boʻyicha soʻrovnoma oʻtkaziladi.

Yangi oʻquv yilini anʼanaviy tarzda boshlashga tayyor boʻlgan kollej va texnikumlarda oʻquv jarayonini boshlash masalasini tuman (shahar) xalq deputatlari kengashi muhokamasidan oʻtkaziladi.

Taʼlim muassasalarning tayyorgarlik holatini oʻrganish va soʻrovnoma natijalari tahlili asosida oʻquv yilini boshlash muddatlari belgilanadi hamda qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi.

Savol: Universitet qoshidagi texnikum boʻlsa, faqat oʻsha universitetga topshiradimi yoki boshqa universitetga ham yoʻnalishi boʻyicha suhbat bilan qabul qilinadimi?

Javob: Oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

Bunda Siz hujjat topshirgan texnikumga faqatgina tegishli oliy taʼlim muassasalari emas, oʻqishga kirgan yoʻnalishiga qarab boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish imkoniyati mavjud.

Bu boʻyicha alohida tartib ishlab chiqiladi va batafsil axborot beriladi.

Savol: Imtihonga uzrli sabablarga koʻra kelolmasa, imtihondan chetlatiladimi?

Javob: Abituriyent ruxsatnomasida koʻrsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Mazkur sana va vaqt qatʼiy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

Savol: Nukus shahri tibbiyot kollejiga oʻqishga topshirdim, yoshim 27 da. Men kollejga kira olmasam, superkontrakt pulini toʻlab oʻqisam boʻladimi?

Javob: Bu yilgi qabul jarayonlaridan kelib chiqib, bu takliflar ham albatta koʻrib chiqiladi.

Savol: Kollejlarda kirish imtihonlari tashkil etish xarajatlari byudjetdan tashqari mablagʻ boʻlmaganda kim tomonidan qoplanadi?

Javob: Bunday holatlarda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 715-son qaroriga muvofiq saralash imtihonlari xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Savol: 2017/2020 oʻquv yillarida oʻqishni imtiyozli diplom bilan bitirganlar uchun imtiyoz, universitetga 2-kursdan yoʻllanma yoʻqmi?

Javob: Texnikumlarni bitirganlar uchun oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun imtiyoz 2020/2021 oʻquv yilidan oʻrta maxsus taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan (texnikumlarni) bitiruvchilar uchun tatbiq etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?