"Technoways” texnologik rivojlanish marafoniga start berildi

11:29 18 Sentyabr 2020 Hujjatlar
219 0

17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan “Technoways” texnologik rivojlanish marafoniga start berildi. Mazkur tadbir ikki hafta davom etadi va oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lmish ilmga chanqoq iqtidorli yoshlarini innovasiya, startap, texnologiya, dasturlash bo‘yicha bilimlarni oshirish, loyihalar yaratish hamda tijoratlashtirish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

"TECHNOWAYS" texnologik rivojlanish marafoni ishtirokchilari «Robototexnika» “3D prototiplashtirish” «Internet buyumlari» «Marketing» “IT” “Gamedevelop” yo‘nalishlari bo‘yicha 6 ta zamonaviy laboratoriyaning texnik imkoniyatlaridan foydalanib, onlayn hamda amaliy tarzda innovasion loyihalar yaratishga qaratilgan bilim va ko‘nikmalar oladilar.

"TECHNOWAYS texnologik rivojlanish marafoni"ning tantanali ochilish marosimini ochib bergan Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov onlayn tanlov natijalariga ko‘ra mazkur tadbirda ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘lgan yoshlarni qutladi.

– Marafonimizning maqsadi bozorga tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan yangi yoki takomillashgan mahsulot va xizmatlarni chiqarishdir, – dedi A. Sobirxonov. – Dasturimizning o‘quv-amaliy qismi o‘n to‘rt kunga mo‘ljallangan, lekin yoshlar bir yil davomida o‘zlariga belgilangan mentorlar bilan maslahatlashish, ulardan beg‘araz yordam olib turishlari mumkin. TECHNOWAYS texnologik rivojlanish marafoni sertifikat olish uchun emas, balki innovasion loyihalarni yaratish uchun bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish maqsadida tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.

Marafon davomida ishtirokchilar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarga taqsimlanadi. Mazkur guruhlarga Innovasion ishlanmalar joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda tegishli soha mutaxassislaridan iborat murabbiylar tayinlanadi. Ishtirokchilar o‘zlari tanlangan yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy interaktiv seminar-treninglar, taqdimot mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.

Mazkur guruhlar tomonidan yaratilgan loyihalar saralab olinib, loyiha mualliflari Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi rezidentligiga qabul qilinadi. Tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirishga biznes-farishtalar va investorlar jalb qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?