Tebinbuloq negizida mamlakatimiz sanoatida ulkan loyiha amalga oshiriladi

09:21 21 Avgust 2019 Siyosat
372 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraoʻzak tumanidagi Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksini qurish loyihasi bilan tanishdi.

Bu konda 1,1 milliard tonna xomashyo rezervi aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, yiliga 33 million tonna ruda qazilib, undan 1,5 million tonna temir olinishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-yanvardagi qarorida ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish choralari belgilangan.

Kon-metallurgiya kompleksi yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller va boshqa materiallar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Bu katta miqdordagi import oʻrnini toʻldirib, sanoatni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu yerda 2 mingdan ziyod kishi ishlaydi. Mahsulotlarning 35 foizini eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Loyihani tayyorlash va amalga oshirishga Germaniyaning “DMT-Group Consulting” va Avstriyaning “Horst Wiesinger Consulting” korxonalari jalb etilgan.

Prezidentimiz ushbu kompaniyalar mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishiga ilmiy jihatdan puxta yondashish, temirdan mahsulot ishlab chiqarish sohasida ham oʻziga xos maktab yaratish kerakligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini mukammal ishlab chiqish, uni amalga oshirishga koʻproq yoshlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?