TDPU rektori: Korrupsiyaga qarshi kurash xalqimizning ham maqsad va maslagiga aylanishi lozim

11:48 07 Noyabr 2019 Jamiyat
198 0

Bugun mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlarda asosiy ijro etuvchi va harakatlantiruvchi kuch bu yetuk va malakali kadrlardir. Afsuski bu harakatlantiruvchi kuchning negizini tashkil qiluvchi yosh kadrlar oʻzlariga yuklatilgan masʼuliyatni yetarlicha oqlay olmayapti, Prezidentimiz va xalqimiz kutayotgan natija boʻlmayapti. Prezidentimiz va hukumat tomonidan qabul qilingan qator Farmon va qarorlarda, jumladan yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarorida oliy taʼlim muassasalarining istiqboldagi vazifalari aniq belgilab berilgan.

OOʻMTVning kengaytirilgan hayʼat majlisida muhokama qilingan oliy taʼlim tizimida korrupsiya holatlarini bartaraf etish masalasi rivojlanishga toʻsqinlik qiluvchi bu illatga qaratilgan favqulodda muhim masala hisoblanadi. Zero, oliy taʼlim yoshlarni tamagirlikka emas, zamonaviy bilim va kasblarni egallashga tayyorlamogʻi lozim. Majlisda haqqoniy tashkiliy choralar koʻrilgani, bu kabi qaror toʻgʻri xulosa chiqarmagan har bir masʼulga nisbatan qabul qilinishi barchamiz toʻgʻri anglab yetishimiz lozim.

Lekin hali ham oramizda, jamiyatning yetakchi qatlami boʻlgan oliy taʼlimda eskicha fikrlovchi, bugungi oʻzgarishlardan xulosa qilmaydigan insonlarning kam emasligi tashvishli holatdir. Biz bu illatni yoʻqotishning eng taʼsirchan omili bu muassasada sogʻlom muhitni shakllantirishdan iborat deb bilamiz. Jamoaning har bir aʼzosi befarqlikdan holi boʻlib, respublikamizda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarga xiyonat qilayotganlarga qarshi kurashda faol boʻlishiga, korrupsiyaga oʻrin qolmaydigan shaffof muhit yaratilishiga erishmogʻimiz lozim.

Bu borada Toshkent davlat pedagogika universitetida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha belgilangan yoʻl xaritasi ijrosi boʻyicha tizimli amaliy ishlarga kirishilgan. Bu borada universitet faollari, kasaba uyushmasi, faol talabalar, ota-onalar vakillaridan iborat jamoatchilik kengashi barcha qatlamlar vakillari manfaatlarini birdek himoya qiluvchi muhim taʼsir kuchiga aylanmoqda.

Universitetda korrupsiyaning oldini olishning asosiy omili barcha jarayonlarda shaffoflik va adolatni taʼminlashdir. Toshkent davlat pedagogika universitetida SMART universitet modeli asosida axborot tizimlarining joriy etilishi oʻquv jarayonini tashkil qilish va baholashda samaradorlikni taʼminlashning asosiy omili boʻlmoqda. Taʼlim muassasasida davomatdan tortib, baholash jarayonlarining barchasi avtomatlashtirilgan boʻlib, ushbu elektron tizimni biror manfaat evaziga oʻzgartirishning imkoni yoʻq.

Shu oʻrinda, taʼlimda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi nafaqat hukumat, taʼlim muassasasi rahbariyatining vazifasi, balki xalqimizning ham maqsad va maslagiga aylanishi lozimligini taʼkidlamoqchiman. Taʼlimda kuzatilgani bu kabi illatlar faqatgina tizimning emas, butun mamlakat, xalq kelajagining kushandasiga aylanishi mumkin. Shuni nazarda tutgan holda, xalqimizdan oʻz farzandlarini qiziqishi, layoqatini hisobga olib, oʻzlari munosib boʻlgan sohaga yoʻnaltirishlarini soʻraymiz. Talabalarning oliy taʼlim muassasalariga shunchaki diplom uchun yoki kelajakda daromadliroq sohada faoliyat yuritishi uchun emas, oʻzi shu kasbni egallashni astoydil xohlagani tufayli oʻqishga kirishlari sohada korrupsiyaning yoʻqolishida asosiy faktor boʻlib xizmat qiladi. Biz bugun majburlab yurist yoki pedagog qilayotgan farzandimiz kelajagini oʻzi tanlasa va mustaqil qaror qilsa mamlakatimizda yuzaga kelayotgan kadrlar tanqisligi masalasiga ham oʻz-oʻzidan yechim topiladi. Axir, jamiyatimizga yaxshi tikuvchilar, meʼmor quruvchilar, qoʻli gul bogʻbonlaru, pazanda oshpazlar ham kerak. Oliy maʼlumotni beruvchi diplom asl egalarining qoʻlidagina moʻjizalar yaratishi mumkin. Oliy taʼlim tizimiga tasodifan kelib qolgan pedagoglar hamda tanlagan kasbiga mehr qoʻymagan va diplom uchun oʻqiydigan talabalar tufayli taʼlim muassasalarida korrupsiya holatlari avj oladi.

Har bir mamlakatning kelajagi, taraqqiyoti oʻsha mamlakat yoshlariga qanday taʼlim va tarbiya berilishiga bogʻliq. Bu borada oliy taʼlim sohasida faoliyat yuritadigan rahbar xodimlar va professor - oʻqituvchilar oliy taʼlimni korrupsiyasiz sohaga aylantirishda shaxsiy namuna boʻlishga intilishlari lozim.

Shavkat SHARIPOV,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti rektori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?